Joriy yilning 13-iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi majlislar zalida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchi va talabalarining mo‘tabar asarlarni o‘qib tugatganligi munosabati bilan “Xatmul kutub” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, ulamolar, ustoz-murabbiylar va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.An’anaga ko‘ra, Qur’on tilovati va muftiyning duoi xayrlari bilan boshlangan tadbirda institut rektori U.G‘afurov 2018—2019-o‘quv yili mobaynida talabalar ustozlar ko‘magida asosiy dars va qo‘shimcha mashg‘ulotlarda o‘qib tamomlagan kitoblari haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda U.G‘afurov institutning 20 nafardan ortiq o‘qituvchilar tomonidan institutning 300 nafar talabalariga o‘quv yili boshidan Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asari matni va uning sharhi hamda Imom Tahoviyning “Sharhi Maonil osor” asari matni va uning sharhi asosiy va fakultativ dars sifatida o‘qitila boshlangani, ustozlarning himmati va talabalarning g‘ayrati bilan ushbu mo‘tabar asarlar to‘liq o‘qib tugatilganini eslatib o‘tdi.Shuningdek, “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchilari boshchiligida “Hidoya”, “Sharhul viqoya”, “Kanzud daqoiq”, “Al-ashboh van nazoir”, “Nurul anvor”, “Usulush Shoshiy”, “Sharhu Aqoidun Nasafiya”, “Zov’ul maoliy”, “Intibohotul mufida” kabi ko‘plab kitoblar o‘qib tugatildi.
Muftiy Usmonxon Alimov marhum va mag‘fur Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshlab bergan ezgu an’anani davom ettirish, talaba-yoshlarning mo‘tabar asarlarni xatm qilish odati juda ham foydali ekani, kelgusida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasoiy kabi olimlar chiqishiga zamin bo‘lishini bildirdi.
Kelajakada shu kabi “Xatmi kutub” tadbirlarini Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Nasafiy kabi allomalarning ziyoratgohlarida ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda.Mamnuniyat bilan qayd etish mumkinki, “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi o‘qituvchilari rahbarligida Toshkent islom institutiga o‘qishga kirgandan keyin 67 nafar talaba Qur’oni karimni to‘liq yod oldi. Joriy o‘quv yili davomida bir qancha qori va qoriya talabalar Qur’oni karimni bir o‘tirishda yoddan o‘qib bergandi, institut qorilari respublika Qur’on musobaqasida faxrli o‘rinlarni egalladi hamda Quvayt, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Eron, Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan xalqaro Qur’on musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri J.Ne’matov Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Xalqaro qorilar musobaqasida hakam sifatida ishtirok etdi. 2019-yil Ramazon oyida institutning 90 dan ortiq ustoz va talabalari Toshkent shahri va viloyati masjidlarida taroveh namozlarida “Xatmul Qur’on” qilib berdi.
Mana shunday amaliy natijalardan yana biri, tadbiri asnosida bitiruvchi kurs talabalari Habibullayev Sirojiddin va Najmiddinova Robiyaga “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov Qur’oni karim bo‘yicha ijoza shahodatnomasini topshirdi.
Tadbir yakunida muftiy hazratlari barcha ishtirokchilarni “Xatmul kutub” munosabati bilan muborakbod etib, mo‘tabar kitoblarni xatm qilib o‘qishning fazilati va “Xatmul kutub” an’anasini O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi barcha diniy ta’lim muassasalarida davom ettirilishi zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov “Xatmul kutub”da fidoyilik ko‘rsatgan ustozlarni faxriy yorliq va pul mukofotlari bilan taqdirladi.
Izoh (0)