DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan mamlakatdan noqonuniy ravishda olib chiqib ketilayotgan qo‘shni davlat valyutasi to‘xtatib qolindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“G‘isht-ko‘prik avtoyo‘l” nazorat o‘tkazish punktida DXX CHQ harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida “Olmaota—Toshkent—Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan Van Hool rusumli yo‘lovchi avtobusi to‘xtatildi. Mamlakat hududidan chiqib ketayotgan ushbu avtobus ko‘zdan kechirilganda uning ichida 43 190 000 qozoq tengesi borligi aniqlangan.
Dastlabki surishtiruv natijasida ushbu pullarni avtobus haydovchisi, qo‘shni davlat fuqarosi E.D. noqonuniy ravishda O‘zbekistondan olib chiqib ketayotgani aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qonunbuzardan jami 43 190 000 qozoq tengesi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari doirasida tegishli choralar ko‘rildi.
Izoh (0)