2016—2018-yillarda o‘rta maktablar va o‘rta-maxsus ta’lim tizimidagi o‘quv muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish hollari ko‘paygan, jinoyatchilik esa kamaygan. Bu haqda “Minbar.uz” xabar beradi.
Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilda o‘rta maktablarda har 10 ming o‘quvchidan 0,31 tasi, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda esa har 10 ming o‘quvchidan 1,53 tasi o‘z joniga qasd qilgan. Bu ko‘rsatkich 2018-yilga kelib 0,37 va 2,10 tagacha oshgan.
Jinoyatchilik ko‘rsatkichlari esa kamaygan. 2016-yili o‘rta maktablarda har 10 ming o‘quvchiga 0,9 ta jinoyat to‘g‘ri kelsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkich 0,7 taga tushgan. O‘rta-maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi jinoyatlar ko‘rsatkichi ham 2016-yilgi 9,8 tadan 2018-yilga kelib 7 taga tushgan.
2017-yili Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalgi 9+3 o‘quv tizimidan 11 yillik maktab ta’limiga o‘tishni taklif qilgan edi. Shu taklifning afzalliklari haqida gapirilganda, 11 yillik ta’limda o‘quvchilar o‘z ota-onalari nazoratida bo‘lishi, bu esa o‘quvchilar sodir etadigan turli qilmishlarning oldini olishi aytilgan.
Yangi 11 yillik tizim bu borada qanchalik samara berishi haqida gapirishga hali erta. Maktablarda 10—11-sinflar hali to‘liq shakllanmagan. O‘smirlikning o‘tish davrida o‘quvchilarning katta qismi hali o‘rta maxsus ta’lim tizimida tahsil oladi. O‘z joniga qasd qilish maktablarda ham, kollej va litseylarda ham ko‘paygan. Jinoyatchilik esa har ikkisida pasaygan.