Malayziyaning Perlis shtatida joylashgan Kangar shahri masjidlarida o‘zbekistonlik qorilar tomonidan taroveh namozlari o‘qildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Qayd etilishicha, tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va mamlakatning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida hamda O‘zbekistonning Malayziyadagi ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi va Perlis shtati muftiysi Mohd Asri Bin Zaynul Obiddin ko‘magida tashkil etilgan.
Qorilar A’zamjon Dadamirzayev va Shamsiddin Jalilov Kangar shahrining “Alvi”, “Putra” va “al-Husayn” masjidlarida Qur’on suralarini yoddan o‘qigan. O‘z navbatida, mamlakatning Malayziyadagi ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi qorilarning har bir chiqishi oldidan O‘zbekistonning boy tarixiy, madaniy va ma’naviy merosiga oid taqdimotlar o‘tkazgan.
O‘zbekistonlik qorilar tomonidan o‘qilgan taroveh namozlarida har kuni Perlis shtatining 1,5 mingdan ortiq dindorlari qatnashgan. Namozxonlarning ta’kidlashicha, mehmonlar tomonidan Qur’on suralarining o‘qilishi Malayziyadagi diniy maktablar vakillarinikidan o‘zining mayin va sokinligi bilan farq qiladi. Bu esa muqaddas Ramazon oyida o‘ziga xos sovg‘adir.
O‘zbekiston qorilari tashrif doirasida Perlis shtatining muftiysi Mohd Asri Bin Zaynul Obiddin, mazkur shtat shahzodasi Sayyod Fayzuddin Putra hamda ushbu mintaqa Islom kengashi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Perlis shtati muftiysining e’tirof etishicha, O‘zbekiston islom tamadduni beshigi hisoblanadi va dunyodagi har bir musulmon mamlakatga hayotida hech bo‘lmaganda bir marotaba kelishi lozim. O‘zbekistondagi qator ziyoratgohlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk olim-u ulamolarning dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi mamlakatni nafaqat Sharq, balki butun dunyo xazinasiga aylantirgan.
Uchrashuvlarda shu kabi tadbirlarni Perlis shtati ma’muriyati bilan hamkorlikda Malayziyaning boshqa shtatlarida ham tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad malayziyaliklarni o‘zbek xalqining boy tarixi va qadriyatlari, madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Izoh (0)