“O‘zbekiston” mehmonxonasi kompleksini sotish bo‘yicha ochiq tanlov savdolari o‘tkazilgan edi. Hech bir ariza kelib tushmagach, yana bir bor sotuvga qo‘yilgani e’lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bir vaqtlar “O‘zbekiston” mehmonxonasi Toshkentning ramzlaridan biri sanalar edi. Biroq, bugungi kunda mehmonxona o‘z mavqeini boy bermoqda shekilli, o‘tgan safar e’lon qilingan savdolarga bironta ham ariza kelib tushmagan. Shu sababli muhtasham mehmonxona yana sotuvga qo‘yilmoqda. Narx ham o‘zgarmagan – 33 million dollar.
Sotuvga mehmonxona bilan birga shu hududdagi barcha inshootlar (ikkita restoran, umumiy ovqatlanish shoxobchasi, anjumanlar zali va boshqalar) kiradi.
“O‘zbekiston” mehmonxonasi Toshkentning qoq markazida joylashgan bo‘lib, aeroport va temir yo‘l vokzaliga yaqinligi hamda qulay joylashuvi bilan mijozlarning e’tiborini o‘ziga tortadi. Ushbu mehmonxonaning davlat ulushini sotib olish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun murojaat etuvchi yoki uning vakolatli vakili Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ariza berishi lozim.
Tanlov o‘tkazilmagan, deb hisoblangan taqdirda takroriy tanlov dastlabki tanlov o‘tkazilgan kundan (2019-yil 11-iyun) boshlab har o‘n ish kunida bir marta o‘tkazilishi mumkin.
Izoh (0)