“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokama uchun chop etildi, bu haqda Xalq ta’lim vazirligining axborot xizmati ma’lumot beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘qituvchilar va o‘quvchilar moddiy sharoitini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1997-yil 20-avgustdagi 409-son qarorida 1-sinf o‘quvchilari va kasalligi tufayli uyida yakka tartibda ta’lim oladigan o‘quvchilarni o‘quv qurollari hamda kam ta’minlangan oilalarga mansub o‘quvchilarni qishki kiyim-bosh to‘plamlari bilan ta’minlash, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002—2003-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 25-yanvardagi 33-son qarorida yuqori sinflarning kam ta’minlangan oilalarga mansub o‘quvchilari ham bepul qishki kiyim-bosh to‘plami bilan ta’minlash belgilangan.
Kam ta’minlangan oilalarga mansub o‘quvchilar uchun o‘tgan yillarda xarid qilingan qishki kiyim-bosh to‘plamlari (palto yoki kurtka, etik, telpak va qo‘lqop) maktab o‘quvchilarining orasida tashqi ko‘rinishi, dizayn jihatidan sezilarli farqi borligi va buning natijasida voyaga yetmaganlar o‘rtasida ijtimoiy tabaqalanish ko‘rinib qolayotganligi sababli ba’zi ota-onalar tomonidan ushbu kiyim-boshlarni olishdan bosh tortish holatlari uchramoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qaroriga muvofiq, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha davlat umumta’lim maktablarida yagona maktab formasi tatbiq etilishi lozim. Ushbu maktab formasi bo‘yicha yagona talablar tasdiqlanganligi uchun o‘quvchilar o‘rtasida kiyim-boshga qarab ijtimoiy tabaqalanishning oldi olinadi.
Biroq ko‘p bolali va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar tomonidan mazkur maktab formasini yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik davrida maktablarda ta’lim oluvchi bir necha farzandlariga bir vaqtda xarid qilish moddiy qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ko‘p bolali va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida kam ta’minlangan oilalarga mansub o‘quvchilar uchun xarid qilinadigan qishki issiq kiyim-bosh to‘plamlariga ajratiladigan byudjet mablag‘lari hisobiga shu toifadagi o‘quvchilar uchun tasdiqlangan standartlarga mos maktab formasi to‘plami bilan ta’minlash taklif etilmoqda.
Mazkur hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-avgustdagi 409-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-son qaroriga kam ta’minlangan oilalarga mansub o‘quvchilar qishki issiq kiyim-bosh to‘plamlari o‘rniga maktab formasi xarid qilishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirishlar kiritishni ko‘zda tutadi.
Shu bilan birga, istisno tariqasida, kam ta’minlangan oilalarga mansub o‘quvchilar uchun byudjet mablag‘lari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilayotgan maktab formasi to‘plamlariga buyurtmalarni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining maxsus tasdiqlangan ro‘yxatidagi korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali joylashtirish taklif etilmoqda.
Ushbu korxonalar ishlab chiqargan maktab formasi xarid narxini Moliya vazirligi tomonidan tartibga solish taklif etilmoqda.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga xarid qilingan maktab formalarini umumta’lim maktablarining eng muhtoj o‘quvchilariga tarqatilishini ushbu maktablarning Kuzatuv kengashlari va tegishli fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish idoralari vakillari bilan birga amalga oshirish lozimligi ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)