O‘zbekiston Prezidenti 2018-yil 9-fevral kuni Olmazor tumanida bo‘lib, kanallar bo‘yini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Bugun bu yerda ko‘rkam madaniyat va ma’rifat maskani bunyod bo‘ldi. Bu haqda Prezidentning rasmiy veb-saytida xabar berildi.
“Damashi” kanalining 2,5 kilometr qismi qirg‘oqlari betonlashtirilib, “Soy bo‘yi” sayilgohi barpo etildi. Mamlakatdagi va jahondagi mashhur obidalar maketlari o‘rnatildi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan kafe va restoranlar, kovorking markazi, fitnes klubi va boshqa obyektlar tashkil qilindi.
Prezident kovorking markazi va undagi tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani ham avvalgi tashrifning amaliy natijalaridir.
Kutubxona boy kitob fondi va axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan elektron tarzda bog‘langan.
Nuroniylar maskanida faxriylar o‘z vaqtini mazmunli o‘tkazishi, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Davlat rahbari mazkur kutubxonalar va Nuroniylar maskanini ko‘zdan kechirdi. Mahalliy aholi vakillari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash tizimi haqida ma’lumot berildi. Prezident bu tizimni Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy qilish, jinoyatchilikning oldini olishda ilm va tahlil asosida ishlash zarurligini ta’kidladi.
Izoh (0)