O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-martdagi qaroriga muvofiq, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan joylarda pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun ajratilgan binolarning yoz mavsumiga tayyorgarligi o‘rganildi. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Natijada 188 ta mahallada pensionerlar uchun sharoitlar mavjud emasligi, shuningdek, pensiya va nafaqa to‘lovlari olish uchun umuman maxsus xona ajratilmagani sababli to‘lovlar bevosita AT “Xalq banki” maxsus kassalari uchun ajratilgan avtoulovlarda amalga oshirilayotgani aniqlandi.
Xususan, Navoiy viloyati Karmana tumani “Shibzon” MFYning binosi mavjud emasligi sababli pensiyalar avtoulovda tarqatilmoqda. Toshkent shahar Chilonzor tumani “Katta Qozirobod” mahallasida to‘lovlar qurilish uchun mo‘ljallangan “vagonda” amalga oshirilmoqda, deyiladi jamg‘arma tarqatgan ma’lumotda.
Shuningdek, joylarda pensionerlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda mustaqil harakatlanish hamda pensiyalarni maxsus kassalardan olish imkoniyati bo‘lmagan shaxslarga to‘lovlar kech yetkazilishi yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.
Xususan, Andijon viloyati Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.R. va uning ikki nogiron farzandiga pensiyalar kechiktirib to‘lanishi sababli, uning turmush o‘rtog‘i MFY binosiga borib pensiya pullarini olishga majbur bo‘layotganini haqli e’tiroz bilan aytgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani “Tuproqqal’a” MFYda pensiya to‘lovlari uchun naqd pul mablag‘lari bank xodimining shaxsiy avtoulovida tarqatilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-martdagi qaroriga muvofiq, 2017-yilning iyul oyidan boshlab pensiya va nafaqalar tarqatilishi AT “Xalq banki” sayyor kassalari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga pensiyalarni tarqatish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida yoki pensionerlar uchun qulay bo‘lgan boshqa ma’muriy binolarda alohida xonalarni ajratish vazifasi yuklatilgan.
Monitoring ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Izoh (0)