Mehnat kodeksi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli tuzatishlar kiritildi. Bu haqda “Norma” axborot-huquqiy portali xabar berdi.
O‘zgartirishlar bilan Senatda doimiy asosda ishlayotgan deputat va senator mehnat huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari nazarda tutilgan:
birinchidan, korxonalarning, muassasalarning yoki tashkilotlarning rahbarlari o‘z vakolatlarini ishlab chiqarishdan yoki xizmat faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshirayotgan Senat a’zosini ishdan ozod qilishi shart. U senatorlik majburiyatlarini bajarayotgan vaqtda uning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi;
ikkinchidan, Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zosiga 36 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan yillik mehnat ta’tili yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, ko‘proq muddatli ta’til beriladi. Bunda Qonunchilik palatasi deputatlari, qoida tariqasida, sessiyalar oralig‘idagi davrda ta’tilga chiqadi;
uchinchidan, deputatga va senatorga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ularning roziligi bilan boshqa, shu jumladan yuqoriroq lavozimdagi ish ham berilishi mumkin. Ilgarigi ish joyiga (lavozimiga) qaytgan taqdirda, ularning avvalgi egallab turgan lavozimiga qabul qilingan shaxs bilan mehnat shartnomasi MKning 106-moddasi 2-bandiga muvofiq (taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha) bekor qilinadi.
Quyidagi hollarda:
- korxona, muassasa, tashkilot qayta tashkil etilgan yoki xodimlari soni (shtati) o‘zgargan taqdirda – deputatga, senatorga vakolatlari muddati tugaganidan keyin ilgarigi ish joyi bo‘yicha boshqa avvalgisiga teng lavozim beriladi. Ishga joylashtirish majburiyati huquqiy voris zimmasiga yuklatiladi;
- korxona, muassasa yoki tashkilot tugatilgan taqdirda – deputatga, senatorga o‘zining roziligi bilan boshqa korxonada, muassasada yohud tashkilotda ish (lavozim) beriladi. Ishga joylashtirish majburiyati yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organ zimmasiga yuklatiladi;
beshinchidan, deputatning, senatorning vakolatlari muddati umumiy ish stajiga, xizmat muddatiga va avvalgi ixtisosi bo‘yicha ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Bu muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish yoki lavozimga ega bo‘lish uchun ( masalan, advokat, notarius, sudya va h.k.) malaka talabi sifatida belgilangan maxsus stajni hisoblab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.
Izoh (0)