Kecha, 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkentdagi “Botanika bog‘i”da tantanali bayram marosimi o‘tkazildi. Kun davomida bog‘ hududidan o‘rin olgan urush davriga oid harbiy texnikalar, qurol-aslaha hamda o‘sha davrni o‘zida ifodalagan ko‘rgazmalar namoyish etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Respublika aholisiga qulaylik yaratish maqsadida bog‘ hududiga shanba va yakshanba kunlari (11—12-may) bepul kirib-chiqish ta’minalanadi. Shu kunlarda bog‘ hududidan o‘rin olgan barcha ekspozitsiyalar to‘lig‘ligicha faoliyat ko‘rsatadi. Sahna ko‘rinishlari takroran soat 10:00, 12:00, 14:00, 16:00 va 18:00da qo‘yiladi.
Hozirda bog‘da aholi uchun Ikkinchi jahon urushi davriga oid “T-34”, “IS-2” tanklari, o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, Shoahmad Shomahmudovning oilasiga bag‘ishlangan ekspozitsiya, urush yillarida faoliyat olib borgan qishloq kengashi binosi, zirhli va harbiy avtomobil namunalari va boshqa shu turdagi ko‘plab installyatsiyalar o‘rin olgan.
Izoh (0)