Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni Sariosiyo tumanidagi To‘polang gidroelektr stansiyasini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
To‘polang gidroelektr stansiyasida modernizatsiya qilinmoqda. Bu yerda har biri 15 megavatt bo‘lgan ikkita agregat ishlab turgan edi. Prezident topshirig‘iga muvofiq, avvaliga To‘polang suv ombori to‘g‘oni 20 metrga ko‘tarildi. Natijada uning sig‘imi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Ayni paytda jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat o‘rnatish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, har biri qariyb 38 megavatt bo‘lgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik gidroelektr stansiyalari ham barpo etilyapti. Shu tariqa energiya olish quvvati jami 250 megavattga yetkaziladi.Davlat rahbari yangi to‘g‘on va gidroelektr stansiyani ko‘zdan kechirdi.
— Bu tarixiy voqea, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu ishlar kelajak uchun, bolalarimiz uchun. Kelgusida Surxondaryo gidroenergiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini ta’minlasa bo‘ladi.
Shu yerda suv omborlari va gidroelektr stansiyalari holatini monitoring qilishga ixtisoslashgan texnik tizimlar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Prezident suv omborlari to‘g‘onlarini mustahkamlash va doimiy nazorat qilish, xavfsizligini ta’minlash, ilmiy ishlanmalar asosida ulardan foydalanish koeffitsentini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Izoh (0)