Bugun, 30-aprel kuni Belarus Davlat standartlashtirish qo‘mitasi raisi Tatariskiy Valentin Boleslavovich boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Poytaxt biznes markazida “O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish” bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan manfaatli va samimiy ruhdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga “O‘zstandart” xabar berdi.
Yig‘ilishda ikki tomonlama hamkorlik ko‘plab muhim yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. O‘zaro ishonch va anglashuv asosidagi davlatlararo amaliy muloqot mustahkamlanib borayotgani mamlakatlarni barqaror rivojlantirish va xalq farovonligini oshirish yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish imkonini berayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida eksport-import qilinadigan mahsulotlarning sinovlarini o‘tkazish amaliyotini kengaytirish, rasmiylashtiriladigan sinov bayonnomalari, muvofiqlik sertifikatlarini tan olish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zstandart” agentligi va “O‘zavtosanoat” aksionerlik jamiyati hamkorlikda joriy yilning 1-may kuni Belarus delegatsiyasi uchun Samarqand shahridagi “Man Auto-Uzbekistan” qo‘shma korxonasi va ko‘hna Samarqandning diqqatga sazovor joylarida bo‘lish, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)