Garvard unversitetining Sog‘liqni saqlash maktabi olimlari non tarkibida sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan modda borligidan ogohlantirdi, deb xabar berdi “Gazeta.ru”.

Foto: “RIA Novosti”

Ma’lum bo‘lishicha, non tarkibidagi propionat (mog‘or bosishining oldini oluvchi qo‘shimcha) semizlik va diabet kasalligi rivojlanishi xavfini keltirib chiqaruvchi gormonlar darajasining oshishiga olib kelishi mumkin.

Olimlar sichqonlar va odamlarda tadqiqot o‘tkazgan. Birinchi holatda ular sichqonlarga propionat kiritgan. Shundan so‘ng sichqonlarda glyukagon va noradrenalin miqdorining, shuningdek, yog‘ kislotalarini bog‘lovchi FABP4 oqsili miqdorining oshganligi qayd etilgan.

Ikkinchi tadqiqotda 14 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan bo‘lib, ular ikki guruhga bo‘lingan. Birinchi guruh tarkibida propionat bo‘lgan ovqat iste’mol qilgan, ikkinchisi esa platsebo olgan. Bunda birinchi guruhdagilarda ham glyukagon, noradrenalin va FABP4 oqsili miqdorining oshganligi qayd etilgan.