Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarda eski liftlarni yangisiga almashtirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda Toshkentning 9 780 ta ko‘p qavatli uyida 5 000 dan ortiq lift ishlaydi. Ularning ko‘pi 25—30 yildan beri xizmat qiladi va yangisiga almashtirishga muhtoj. Hokimlikning dasturiga ko‘ra, umumiy miqdori 85,7 milliard so‘m bo‘lgan mingta yangi lift o‘rnatiladi.
O‘tgan yili hokimlik 132 ta yangi lift uchun 22 milliard so‘m ajratgan. Hozirda ketayotgan ishlar bo‘yicha videoda batafsil ma’lumot berilgan.
Bektemir va Uchtepa tumanlarida 6 tadan lift, Olmazor tumanida 10 ta, Yakkasaroy tumanida 12 ta, Mirobod, Sergeli, Yashnobod tumanlarida 13 tadan, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida 14 tadan, Shayxontohur tumanida 15 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 16 ta lift yangisiga almashtiriladi.
Yangi o‘rnatilayotgan liftlar “Tashaffus” o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan. Ular 450 kilogramgacha bo‘lgan og‘irlikni ko‘tara oladi. Avvalgi liftlar 350 kilogramgacha ko‘tarar edi. Shuningdek, yangi liftlar imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham mo‘ljallangan, ya’ni unda Brayl shriftida yozilgan raqamlar ham bor.
Izoh (0)