2019-yilning yanvar-mart holatiga aholi umumiy daromadlari 64,9 trillion so‘mni tashkil qilib, real o‘sish surati 108,6 foizni tashkil qilgan, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi.
Bu ko‘rsatkich aholi jon boshiga o‘rtacha 1,9 million so‘mni tashkil qildi. Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholining umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 108,6 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 106,6 foizni tashkil etgan.
Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (4687,2 ming so‘m) hamda Navoiy (2965,5 ming so‘m), Buxoro (2208,5 ming so‘m), Toshkent (2134,1 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatilgan.
Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Namangan (1406,8 ming so‘m), Farg‘ona (1468,7 ming so‘m) va Surxondaryo (1512,2 ming so‘m) viloyatlarida qayd etildi.
Aholi umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 66 foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 26,1 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.
Izoh (0)