Toshkent shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash borasida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot brifingi o‘tkazildi, bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga o‘z vaqtida va manzilli yordam ko‘rsatish, ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil hulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va unga erta barham berish muhim masaladir.
Aholiga ayni shu masalada kerakli yordam va maslahat berish maqsadida respublika bo‘yicha 150 ta “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markaz”larini tashkil etish belgilangan. Poytaxtimizda mazkur markazning Toshkent shahar bo‘linmasi, Bektemir-Mirobod-Yashnobod tumanlararo bo‘linmasi, Shayxontohur-Olmazor tumanlararo bo‘linmasi hamda Mirzo Ulug‘bek-Yunusobod tumanlararo bo‘linmasi faoliyat yurita boshladi. Yaqin orada yana ikkita shunday bo‘linma ishga tushiriladi.
Yig‘ilishda Toshkent shahar va tuman hokimliklarining xotin-qizlar qo‘mitalari hamda ushbu bo‘linmalar tomonidan og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan aholi qatlamining hayotini o‘rganish, muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda 1146 raqamli ishonch telefoni yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda shaharda qayd etilgan suitsid holatlarining 30 foizi voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida kuzatilgan. Buning uchun esa ta’lim muassasalaridagi psixologlar faoliyatini kuchaytirish lozim. Shu ma’noda tashkil etilgan bo‘linmalar bevosita o‘quv maskanlaridagi psixologlar bilan muntazam ish olib boradi. Shuningdek, oilaviy muammolar va turmushda zo‘rlik ishlatishga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordamlarni ko‘rsatadi.
Izoh (0)