San-Fransiskodan so‘ng Frankfurt-Mayndagi amaliy san’at muzeyida “Zamonaviy musulmon modasi” ekspozitsiyasi namoyish etildi, deb Sputnik xabar qiladi.
U yerda dunyoning yetakchi modelyerlari tomonidan yaratilgan liboslar va aksessuarlar, burkini va turli hijoblar namoyish etildi. Ko‘rgazmada eng yaxshi musulmon sportchilari yordamida ishlab chiqilgan sport liboslari ham taqdim etildi.
Franfurt muzeyi direktori Mattias Vagnerning ta’kidlashicha, ushbu ko‘rgazma — ayollar ro‘mollari ko‘rgazmasi emas. Uning maqsadi — barcha stereotiplarni barbod qilib, musulmon modasining ko‘p qirrali va kreativ tomonlarini ochib berish. Bu, uning fikricha, musulmon madaniyatining pozitiv qabul qilinishida katta rol o‘ynaydi.
“Yosh musulmon xotin-qizlar modaga amal qilish, biroz ochiq yoki biroz yopiq libos kiyish, hijobda yurish-yurmaslik huquqini o‘zlari hal etishga haqli”, — deydi Vagner. Shuningdek, libos tanlovida ham erkinlik bo‘lishi lozim degan fikrda u.
So‘nggi bir necha o‘n yillikda musulmoncha liboslar modalari shiddat bilan taraqqiy etmoqda, u yanada yorqin va jilobaxsh bo‘lmoqda.
Bu moda — aksariyat hollarda hijob taqish emas, balki uzun yengli liboslar yoki uzun yubkalarda namoyon bo‘lmoqda.
Bu modani shuningdek, kamtarin moda, deb ham atashadi.
Frankfurt-Mayndagi amaliy san’at muzeyidagi ko‘rgazma 15-sentabrga qadar davom etadi, shundan so‘ng u Rotterdam va so‘ngra Nyu-Yorkka yo‘l oladi.
Izoh (0)