Toshkentning Bektemir va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari (shelterlar) ochildi. Bu haqda “Daryo”ga Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Markazlarda xalqaro tajribalarga tayangan holda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga o‘z vaqtida manzilli yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Mazkur shelterlar Bektemir—Mirobod—Yashnobod hamda Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlararo reabilitatsiya markazlari sanaladi.
Markazlarda zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, zarurat bo‘lganda, ularga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan. Shuningdek Markaz faoliyati doirasida ayollarni u yoki bu kasbga tayyorlash bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.
Huddi shunday reabilitatsiya markazlarini Sergeli—Yakkasaroy, Shayxontohur—Olmazor, Mirzo Ulug‘bek—Yunusobod, Uchtepa—Chilonzor tumanlararo markazlari sifatida ochish rejalashtirilgan.
Shelterlar joylashgan aniq manzillar ayollarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida sir tutiladi.
Bugungi kunda og‘ir ahvoldagi ayollarga yordam berish maqsadida Respublika doirasida yagona qisqa 1146 raqamli — “ishonch telefoni” ishga tushirilgan.
Izoh (0)