“O‘zstandart” agentligining tashabbusi bilan Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazida OAV xodimlari uchun mediatur tashkil qilindi. Bu haqda “O‘zstandart” agentligi “Daryo”ga xabar berdi.
Mediatur ishtirokchilari dastlab Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi qoshidagi sinov laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishgan. Ommaviy axborot vositalari xodimlari mahsulotlarni sinash jarayonlari va unga sertifikatlarni rasmiylashtirish, tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar ko‘lami borasidagi ishlarning holatidan xabardor bo‘lgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra birgina markazning sertifikatlashtirish idorasi tomonidan 2019-yilning o‘tgan davri mobaynida 1624 ta muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilib berilgani, va joriy yilning shu kunga qadar sertifkatlashtirish jarayonlarida jami 478331,437 ming so‘mlik bug‘doy uni, kungaboqar moyi, gips va shag‘al mahsulotlari yaroqsiz deb topilgani ma’lumot o‘rnida ta’kidlangan.
Shuningdek, markaz tomonidan aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida viloyatning G‘ijduvon, Qorako‘l va Romitan tumanlarida maishiy gaz, elektr va suv o‘lchagichlarini davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish uchun shaxobchalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tilgan.
Mediatur ishtirokchilari viloyatdagi bir qator ishlab chiqarish korxonalarida ham bo‘lib, markaz bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan ishlarning ko‘lami bilan tanishgan.
OAV xodimlari ishtirokida markaz direktori Abdurahmon Muxtorov tomonidan xalqaro sifat tizimlarini joriy etgan korxonalarga sertifikatlar ham topshirilgan.
Izoh (0)