Mudofaa vazirligi sport klubining jahondagi nufuzli sport musobaqalarida O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilib kelayotgan harbiy xizmatchilari Toshkentdagi 30-son Mehribonlik uyiga tashrif buyurdi. U yerda tarbiyalanuvchilar holidan xabar olib, ularga turli yoshdagi o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan kitoblar jamlanmasi va sport anjomlarini esdalik sovg‘a sifatida ulashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
“Uchrashuvimiz bolajonlarda katta taassurot qoldirganidan mamnun bo‘ldik. Ular kitob mutolaasiga qiziqishini, sport bilan muntazam shug‘ullanishni maqsad qilganini eshitib, ikki hissa shodlandik”, – deydi Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi va rekordchisi, leytenant Ruslan Nuriddinov.
Tarbiyalanuvchilarning Vatan madhi, ota-ona, do‘stlik va sevgi-sadoqat haqida o‘qigan she’rlari chempionlar olqishiga sazovor bo‘lgan.
Tashrif yakunida tarbiyalanuvchilar o‘zlari muxlislik qiladigan sevimli sportchilari bilan esdalik uchun suratga tushgan.
Izoh (0)