O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev “Xalq so‘zi” nashriga baxshichilik san’ati borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Baxshichilik — juda qadimiy san’at turi. Dostonlarimiz hali kitob paydo bo‘lmagan paytlardan beri bor. Ularda uzoq tariximiz ham, madaniyatimiz ham mujassam. Shu sababli o‘tmishimizni, azaliy qadriyatlarimizni o‘rganishda xalq og‘zaki ijodiga murojaat qilamiz. Folklor san’atimiz orqali ajdodlarimizning donishmandligi, urf-odatlari, orzu-intilishlaridan xabardor bo‘lamiz, o‘zligimizni anglaymiz. Baxshichilikning asl qadr-qimmati ham shunda! Shu sababli azal-azaldan doston aytuvchilar xalq orasida katta hurmat-u e’tiborga sazovor bo‘lgan.
Yoshi ulug‘ yurtdoshlarimiz yaxshi eslashadi. Avvallari to‘ylar baxshilarning ishtirokisiz o‘tmagan. Ular davra o‘rtasida “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Yunus pari”, “Avazxon”, “Kuntug‘mish” kabi dostonlarimizdan parchalar ijro etishgan. Odamlar tonggacha qimirlamay, do‘mbira sadosiga, baxshining xonishiga mahliyo bo‘lgan. Dostondagi qiziqarli voqealar davomini intiqib kutgan.
Eshitishimcha, bulung‘urlik Amin baxshi “Alpomish” dostonini uch oy davomida tinglovchilarni zeriktirmay kuylagan ekan. Qarang, bir faslga teng muddat-a! Shuncha vaqt tinglovchilarni zeriktirmay, buning ustiga, o‘zi ham toliqmay kuylash, soz ijro etishning o‘zi bo‘ladimi?! Yana deng, hammasini yoddan aytish osonmi?! Mana, baxshilarimizning aql-zakosi qanchalik yuksak, quvvayi hofizasi naqadar mustahkam!
Hozir muxlislarga yoqaman, deb, yengil-yelpi qo‘shig‘i bilan tinglovchini, tomoshabinni to‘rt-besh daqiqada zeriktirib qo‘yadigan xonandalarimiz uchun bu — chinakam namuna! Haqiqiy mahorat maktabi!
Baxshining yana bir ulug‘ligi shundaki, u kuchli ijodkor. Bir dostonni kuylaganda har gal o‘zgarishlar kiritadi. Ana shular sharofati bilan yigitlarimiz Alpomishdek alp, mard, jasur, qizlarimiz Barchinoydek bir so‘zli, oriyatli, sadoqatli bo‘lishga intilishadi. Bolalarimiz, ilm, ma’naviyat, ma’rifatni o‘rganishadi.
Demak, hozirgi globallashuv davrida shunday durdona san’atimizni, noyob va go‘zal qadriyatimizni saqlab qolish, uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish juda dolzarb vazifa! Shu ma’noda, Prezidentimiz bu san’atga e’tibori, xalqaro festival o‘tkazish tashabbusi ayni muddao bo‘ldi. Bu baxshichilik san’atini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan juda katta ezgu sa’y-harakatdir. Ishonamizki, nufuzli san’at bayrami hademay dunyoga ovoza bo‘ladi. Chunki unga turli davlatlardan ko‘plab ishtirokchilar, mehmonlar keladi”, — degan Sherali Jo‘rayev.
Izoh (0)