Namangan viloyatidan poytaxt tomon yo‘lga chiqqan fuqaro J.M. boshqaruvidagi Isuzu rusumli yuk avtotransport vositasi O‘rta Chirchiq tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning ichida xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 7 turdagi tovarlar yashirilganligi aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyev “Daryo”ga xabar berdi.
Tovarlarning asosiy qismini 14 ming donadan ortiq sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlari tashkil qilib, ularni saqlash va tashish qoidalariga umuman rioya qilinmagan. Shuningdek, 2 turdagi 301 dona elektr hisoblagichlar, 20 dona televizor, 494 dona turli xildagi ayollar va erkaklar kiyim-kechaklari, 7200 quti saqichlar, 31 dona biologik faol qo‘shimchalar va boshqa tovarlar borligi aniqlangan.
Mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra taxminan 1 millard 67 million so‘mdan oshar ekan.
Ushbu qonunbuzarlik holatini ildizi bilan bartaraf qilish maqsadida ushbu shaxs istiqomat qilayotgan Namangan shahridagi xonadoni ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hovli muqaddam aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan tovarlar yashirincha saqlanayotgan omborga aylanib ulgurgan ekan. Ko‘zdan kechirish davomida bu yerda 9 turdagi 19 ming donadan ortiq dori vositalari hamda 13,8 ming donadan ortiq fleshkartalar borligi isbotlangan. Mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 1 millird 434 million so‘mdan oshar ekan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)