Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan xorijiy oliy va ilmiy-ta’lim muassasalariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash, magistratura hamda doktoranturada o‘qishga yuborilishi rejalashtirilayotgan nomzodlarga ingliz tilini o‘rgatish o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan seminar-treningda 130 nafar trener maxsus tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Shu yilning 1-aprelidan boshlab ular 22 ta OTMda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslarini olib boradi.

Chet tilini o‘rgatish kurslari 3 oy davom etadi: bir oy mobaynida OTMlarda trenerlar tomonidan o‘quvlar olib boriladi, ikki oy mobaynida tinglovchilar dastur doirasida belgilangan topshiriqlarni onlayn rejimida mustaqil o‘zlashtirishib borishadi.

O‘quv kurslarida Britaniya kengashi, Fransuz alyansi, Gyote instituti kabi xalqaro tashkilotlarning malakali trenerlari ham ishtirok etadi.

Mazkur kurslarga jami 1200 nafardan ortiq tinglovchi qamrab olinadi. Ularni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan pedagog kadrlarga 2020-yilda “El-yurt umidi” jamg‘arma stipendiati bo‘lish uchun o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etish huquqini beruvchi sertifikat beriladi.