O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi o‘zi tahsil olgan 249-maktabda bo‘lib, maktab kutubxonasiga kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.
Senat Raisi maktabga tashrifi davomida ta’lim muassasasi mehnat jamoasi va o‘quvchilar bilan kitobning inson shaxsi va ma’naviyati shakllanishidagi ahamiyati xususida bevosita muloqot ham o‘tkazdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva poytaxtdagi Olmazor tumanidagi 134-maktabga o‘zining shaxsiy kutubxonasidan kitob sovg‘a qildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur maktabda Tanzila Narboyeva o‘zining ilk faoliyatini Rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan.
Shuningdek, #bookchallenge doirasida Andijon viloyatidagi xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqatbek Buzrukov o‘zi ta’lim olgan Andijon tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, kutubxona fondi uchun 100 dona badiiy adabiyotlarni sovg‘a qilgan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati IIB boshlig‘i Qibray tumanidagi o‘zi tahsil olgan 17-maktabda bo‘lib, maktab kutubxonasiga o‘z shaxsiy kutubxonasidan kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.
Xabarda aytilishicha, bu tashabbus o‘sib kelayotgan yosh avlodning kitobga bo‘lgan qiziqishini, mehrini va intilishini oshirish, kitobxonlikni ommaviylashtirish, ulug‘ bobolarimizga munosib avlodni voyaga etkazishda muhim hayotiy ahamiyatga egadir.
Avvalroq, #bookchallenge doirasida bosh vazir Abdulla Aripov o‘zi o‘qigan, Qorako‘l tumani hokimi o‘zi o‘qigan maktabga, Komil Allamjonov Sirdaryodagi 2 ta maktab va xususiy kutubxonaga kitoblar sovg‘a qilgani haqida xabar bergandik. Shuningdek, tadbir doirasida, Sherali Jo‘rayev va Yulduz Usmonova Toshkentdagi maktablarga kitoblar taqdim etgani haqida ham ma’lumot berganmiz.
Izoh (0)