Toshkentning Chilonzor tumani aholisining mavjud muammolari hamda bugungi kunda hal bo‘lmayotgan dolzarb masalalari yechimini topish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent shahar DSB matbuot xizmati xabar bergan.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov boshchiligida tumandagi 4-sektor mas’ullari aholidan kelib tushgan uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi va boshqa ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy masalalarga oid murojaatlarni atroflicha ko‘rib chiqdi. Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Jumladan, Chilonzor tumani “Botirma” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro, I guruh nogironi Tohir Nabijonov bir yil avval turmush o‘rtog‘iga nogironlik aravachasi so‘rab, mahallaga murojaat qilgan. Aravachadan haligacha darak yo‘q. Sayyor qabuldan so‘ng T.Nabijonovga ikki kun muddatda nogironlik aravachasi yetkazib beriladigan bo‘ldi.
“Mahallamizdagi bir nechta muammolarni hal etish uchun kelgandim. Mahallamizda uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor bir beva ayolning kommunal to‘lovdan qarzlari ko‘payib ketgan. U bugun turmushning mushtidan aziyat chekmoqda. Bundan tashqari, mahallada yolg‘iz yashaydigan keksa ayol ham bor. Ularga moddiy yordam ko‘rsatish zarur”, — deydi Chilonzor tumani “Katta Do‘mbirobod” mahallasi raisi o‘rinbosari G‘olib Nabiyev.
Sayyor qabulda Chilonzor tumani 16-mavze, 24-uy, 17-xonadonda yashovchi fuqaro Gulchehra Abduvohidova hozir onkologik kasalligi, kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi ko‘pligi sababli, moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ushbu murojaatni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirildi.
Yechimi ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga aniq ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Izoh (0)