Seulda “O‘zavtosanoat” AJ, General Motors va GM Korea Supplier Association (Janubiy Koreya) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Foto: “O‘zavtosanoat” AJ

Tomonlar GM Uzbekistan‘da ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan yangi avtomobillar uchun avtomobil butlovchi va ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasidagi hamkorlik asosida O‘zbekiston avtomobil tarmog‘i rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi. Bunda kompaniyalar O‘zbekistondagi mahalliylashtirish loyihalariga koreyalik yetkazib beruvchilarni jalb qilish uchun maksimal sa’y-harakatlar qiladi.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari ushbu loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishini qayd etdi.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda joriy yil iyun oyida yetkazib beruvchilar simpoziumini tashkil etishga kelishib oldi . Unda koreyalik sheriklarga O‘zbekistonda biznes yuritishning barcha imkoniyatlari namoyish etiladi.