O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Turkiyaning “Yildirim Enerji Holding A.Ş” kompaniyasi bilan “Head Of Terms” (Bitimning asosiy shartlari) bitimi imzolandi. Bu haqda “Daryo”ga Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihadan maqsad kombinatsiyalashgan issiqlik elektrstansiyasi qurishdan iborat.
Mazkur uchrashuv “Yildirim Enerji Holding A.Ş” kompaniyasi delegatsiyasining joriy yilning 4—12-mart kunlari amaliy safari davomida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat-xususiy sherikchilik bo‘yicha agentligi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarning davomi bo‘ldi. Ushbu muzokaralarda elektrenergiya xaridi bo‘yicha yakunda bitim (RRA) imzolash masalasi muhokama qilingan edi.
Rejaga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida tabiiy gazda ishlovchi quvvati 900 MVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan elektrstansiyasi qurilishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, “Yildirim Enerji Holding A.Ş” kompaniyasi Turkiyada hamda AQSh, Ispaniya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda hamkorlikda 50 ga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.
Asosiy loyihalar energetika, logistika, tog‘-kon sanoati, foydali qazilmalarni o‘zlashtirishga qaratilgan.
Jumladan, “Yildirim” xrom qazish bo‘yicha dunyodagi yetakchi uchta kompaniyadan biri sanaladi. Turkiyada esa ushbu kompaniya ko‘mir yonilg‘isida ishlovchi quvvati 2500 MVt bo‘lgan elektrstansiyasini qurish loyihasini amalga oshirmoqda.
Bugungi kunda kompaniyaning Turkiya, Qozog‘iston va Rossiya davlatlarida tog‘-kon sanoati korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. “Yildirim Enerji Holding A.Ş” kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida energetika va kimyo sanoati yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirishni belgilab olgan.
Izoh (0)