O‘zbekiston—Urugvay (0:3) uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida dastlab O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Biz dunyoning kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushdik. Afsuski, yutqazdik. Urugvay terma jamoasi o‘tgan yili Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida qatnashib, juda yorqin taassurot qoldirgandi. Oskar Tabares shogirdlari FIFA reytingida ham yuqori o‘rinlarda borishmoqda.Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida gol o‘tkazib yubordik. Keyin hisobni tenglashtirishga harakat qildik, ammo raqib jamoa birinchi bo‘limda to‘p bilan ko‘proq muomalada bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda esa birinchi bo‘limga nisbatan yaxshiroq harakat qildik. To‘pni ko‘proq o‘zimizda ushlab turishga intildik. Ammo raqibning tajribasi baribir o‘z so‘zini aytdi. Urugvay kabi kuchli terma jamoalarga qarshi o‘yin biz uchun Jahon Chempionati saralashi oldidan yaxshigina amaliyot vazifasini o‘tab berdi.
Kecha Xitoy—Tailand uchrashuvini ko‘rdim. Xitoy mag‘lubiyatga uchradi. Fabio Kannavaro Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi. Shu sababli hozircha uning ishiga baho berish qiyin.
Futbolda turli natija ro‘y beradi. G‘alaba bilan mag‘lubiyat doim yonma-yon. Barcha natijani qabul qilishga tayyor bo‘lish zarur. Biz Urugvayga qarshi uchrashuvni tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ustida ish olib boramiz va kelgusi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ramiz.
Musobaqa tashkilotchilariga alohida tashakkur bildirmoqchiman. Shart-sharoitlar barchasi yuqori saviyada tashkil qilingan. Bizni juda iliq kutib olishdi. Tashkiliy qo‘mita a’zolari har bir talabimizni bajarishga harakat qilishmoqda. Barchasi uchun ularga rahmat aytaman.
Endi Xitoyga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Bu o‘yinda eng yaxshi natijamizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Xitoy — musobaqa mezboni. Shu sababli uchrashuv qiyin bo‘lishi aniq. Shunga qaramay biz g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Chunki bu o‘yinlar FIFA reytingidagi o‘rnimizga ta’sir qiladi.
Ektor Kuper, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)