22-fevralda uzoqdagi asteroidga qo‘ngan Yaponiyaning Hayabusa2 kosmik kemasi 5-aprel kuni unga portlovchi modda tushiradi, deb xabar berdi “Korrespondent.net”.

Foto: Google Images

Bu asteroidda hosil bo‘lgan kraterdan quyosh tizimining qanday paydo bo‘lganini aniqlashda yordam beruvchi yer osti namunalarini olish maqsadida amalga oshiriladi.

Xabarda aytilishicha, yer ostining chuqurroq qismidan quyosh va radiatsiya ta’sir etmagan namunalarni olish uchun Hayabusa2 beysbol koptogi kattaligidagi, og‘irligi ikki kilogramm bo‘lgan zarba beruvchi qurilmani tashlaydi.

JAXA loyihasi muhandisi Takanao Saeko buni amalga oshirish uchun portlash vaqtida otilgan parchalardan zarar ko‘rmaslik uchun kosmik kema asteroidning boshqa tarafiga tezda o‘tishi kerakligi va bu juda qiyin bo‘lishini ta’kidlagan.

Rejaga ko‘ra, Hayabusa2 natijani qayd etish uchun kamera qoldirib ketadi. Kosmik kema kuzatish maqsadida krater hududiga qaytib kelishdan avval bir necha hafta kutishiga to‘g‘ri keladi.