Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon al-Saud o‘z vakolatlarining bir qismini yo‘qotdi. Bu haqda The Guardian’ga bu jarayondan xabardor manbalar ma’lumot berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida shahzoda ba’zi moliyaviy va iqtisodiy masalalarda qarorlar qabul qilish huquqidan mahrum bo‘lgani uchun muhim vazirlik va diplomatik uchrashuvlarda qatnashmagan.
Manbalarga ko‘ra, shahzodaning otasi, qirol Salmon o‘z qarorini vazirlariga o‘tgan hafta aytgan. Biroq, bu haqda rasmiy bayonotlar yo‘q. Shahzoda nomidan qirol yaqinlaridan biri Masad al-Alban norasmiy ravishda ish yuritadi. U Garvardda ta’lim olgan bo‘lib, yaqinda Salmonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan.
Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchixonasi ushbu ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi.
17-mart kuni The New York Times gazetasining xabar berishicha, Muhammad bin Salmon al-Saud saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘limidan bir yil oldin Saudiya aholisini kuzatish, o‘g‘irlash va qiynoqqa solish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot tuzgan.
Izoh (0)