O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida gollandiyalik rassom Rembrandt Van Rey qalamiga mansub asar Bosh Prokuratura tomonidan vazirlik tasarrufiga topshirilganligi munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2014-yil 27-mayda K.Y.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 170-moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgan.
Tergovning aniqlashicha, 2008-yil 28-avgustda fuqaro A.P. tanishi K.Y.ga rassom Rembrandt Van Reyning muallifligidagi asarni 50 ming dollarga sotganligi, tanishi R.F. orqali asarni respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketganligi aniqlangan. Tezkor tergov tadbirlari natijasida ushbu jinoyat ishi fosh etilib, Rembrandtning mualliflik ishi topilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mashhur rassom asari 8 milliondan 15 million yevrogacha narxlangan. Xorijiy auksion savdolarida esa uning qiymati 150 million yevrogacha ko‘tarilishi mumkin. Mazkur asar shisha qopqoqli yog‘ochdan yasalgan futlyarda saqlangan, o‘ng taraf burchagida “Rembrandt” yozuvi mavjud.
Izoh (0)