Toshkent viloyati Parkent tumanida kutubxona, maktabgacha ta’lim muassasasi va o‘quv markazini o‘z ichiga olgan zamonaviy bino foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Kitob olami” binosining 1-qavatida kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, badiiy, ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy, tibbiyot va bolalar adabiyotiga mansub qariyb 10 ming nusxaga yaqin kitob bilan ta’minlangan. Binoning 2- va 3-qavatida pazandachilik, tikuvchilik, fanlarni chuqur o‘zlashtirish bo‘yicha turli o‘quv markazlari hamda maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgan.
Shuningdek, binoning yerto‘la qismida konditer mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sex faoliyatini tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu borada Rossiyadan 600 million so‘mlik zarur uskuna olib kelinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur inshoot ”Muhandis plyus loyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish tashkiloti tomonidan qisqa fursatda – 10 oyda qurilgan.
Izoh (0)