Shahrixon tumani dehqon bozorining birinchi bosqichidagi qurilish ishlari yakuniga yetib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi “2017—2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida “Ixtisoslashgan Shahrixon qurilish” xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan barpo etilgan mazkur zamonaviy savdo majmuasi uchun 16 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Meva, sabzavot, non, qandolat mahsulotlari sotishga mo‘ljallangan 600 ta savdo o‘rniga ega bo‘lgan ochiq pavilyon va 7 ta ikki qavatli savdo do‘koni qurildi.
Ayni paytda ushbu majmuaning ikkinchi bosqichidagi qurilish ishlari davom etmoqda. Yana 2 ta ikki qavatli savdo majmuasi, 51 ta savdo do‘koni, bozorning old va orqa tomonida bir vaqtning o‘zida 400 ta avtomashinani qabul qila oladigan 2 ta to‘xtash joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)