25-fevraldan 3-martgacha bo‘lgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 764 ta avtomobil raqamlari sotildi. Bu haqda Tovar xomashyo birjasi ma’lumotlarida keltirilgan, deb yozadi Spot.

Foto: Spot

Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi deyarli 3,2 milliard so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning qariyb 20 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 48% ikkinchi va 32% uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishli.

Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avto havaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 24% ga teng. Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyatining avto havaskorlari 12% ulush bilan joylashdi.

Keyingi o‘rin Buxoro va Farg‘ona viloyatlarining avto havaskorlariga tegishli bo‘lib, har birining ulushi 10% ni tashkil qildi. Qolgan hududlarning ulushi 44% ga teng.