5-mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Savdo va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston—Vengriya hukumatlararo komissiyasining uchrashuvi munosabati bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyarto bilan uchrashdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi PR markazi xabar berdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida investitsion hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni ko‘paytirishni nazarda tutadigan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Janob Siyarto Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqinlashuv shubhasiz iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlash orqali ikki mamlakatning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.
Xuddi shu kuni soha idoralari rahbarlari hamda vazirliklarning rahbarlari ishtirokida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston—Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Vengriya tomonidan tadbirda agrosanoat sektori, chorvachilik, qurilish va muhandislik, energetika, farmatsevtika, mashinasozlik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sayyohlik sohasidan yirik biznes vakillari ishtirok etdi.
Forum yakunida Vengriya ishbilarmon doiralari, O‘zbekiston vazirliklari va soha idoralari vakillari o‘rtasida bir qator hujjatlar imzolandi. Bu hujjatlar ikki tomonning muayyan loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorligi va ko‘lamini belgilab beradi.
Izoh (0)