Surxondaryo viloyati hokimligi Termiz tumanida o‘zini yoqib yuborgan erkak bilan bog‘liq hodisaga izoh berdi.
Hokimlik matbuot xizmatining qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda bu harakatga qo‘l urgan Baxtiyor Erdanov kreditga olingan pullari evaziga ochgan kafesi joylashgan bino buzib tashlangani, bu masalada bir necha oy davomida tuman hokimligiga murojaat qilgani, biroq qabulga kira olmagani bayon etilgan. Biroq u yoki uning oila a’zolari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Kafe ko‘rinishidagi bino va inshooti ham bo‘lmagan.
“Uning faoliyati qo‘lbola tayyorlangan yengil konstruksiyali kichik xonada sanitariya va gigiyena talablariga zid tarzda perashki pishirib sotish bo‘lgan. Aynan shu xona o‘zboshimchalik bilan qurilib faoliyat olib borilgani uchun tuman mutasaddilari tomonidan bartaraf etilgan.
Baxtiyar Erdanov bilan suhbatlashilganda, u o‘z ko‘rsatmasida 2018-yil avgust oyida turmush o‘rtog‘i savdo uchun 15 million so‘m kredit olganligi, kreditni qisman to‘lab, 9 million 545 ming so‘m qarz bo‘lib qolgani, ushbu kredit to‘lovini to‘lamasdan Tojikiston Respublikasiga 4 oyga ketib qolganligi, ushbu harakatlarni siqilishi natijasida sodir etganligini, o‘ziga o‘t qo‘ygan vaqtida katta o‘g‘liga telefon orqali videotasvirga yozib olishni aytganligi, muqaddam tumanda qo‘lbola perashki tayyorlab sotganligi, biroq tadbirkor emasligini bayon etgan”, deyiladi hokimlik xabarida.
Baxtiyor Erdonov ushbu masalada bir necha oydan buyon tuman hokimligiga murojaat qilgani, biroq tuman hokimi qabuliga kira olmagani haqidagi ko‘rsatmalari yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv natijalari haqida qo‘shimcha xabar beriladi.