1-mart kuni Toshkent shahridagi “Yoshlar markazi” binosida masjid imom-xatiblari va noib-imomlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda masjidlar holati, obodligi va din soha vakillarining vazifalari haqida so‘z bordi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda poytaxtda 119 ta masjid faoliyat yuritmoqda.
Imomlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda masjidlardagi muammolar va e’tibor qaratish lozim masalalarga to‘xtab o‘tildi. Xususan, masjidlarda belgilangan vaqtlarda namoz o‘qilishi, ibodat qiluvchilarga zarur shart-sharoitlar yaratilishi, oilaviy tadbirlar, to‘y va ma’rakalarda qilinadigan ma’ruzalar tarbiyaviy ahamiyatga ega va tadbirning maqsadiga mos bo‘lishligi, qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan masjidlarda arxitektura talablariga rioya etilishi, ehson tushumlari va homiy mablag‘lari to‘g‘ri kirim qilinishi hamda maqsadli sarflanishi haqida aniq tavsiya va vazifalar berildi.
Shuningdek, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishda din soha vakillarining roli va o‘rni beqiyosligi e’tirof etilgan holda, Prezident tashabbusi bilan BMT tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi mohiyati tushuntirildi.
Ochiq muloqot davrida adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mahallalarda aholi bilan ko‘proq uchrashuvlarni tashkil etish, ularga “Ma’rifiy islom”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” kabi g‘oyalarni tushuntirish, internet tarmoqlarida tarqalayotgan nosog‘lom diniy tushuncha va aqidalarga qarshi munosabat bildirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Jamiyatda avj olayotgan ikki va ko‘p xotinlik masalasi ko‘tarildi. Din soha vakillariga nikohlanuvchi shaxslardan sha’riy nikoh o‘qishdan avval Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnomani talab qilish vazifasi qo‘yildi.
Imom-xatiblar va noib-imomlar o‘z faoliyatlarida yuzaga kelayotgan holatlar bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov ishtirok etdi.