Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun 2018-yilda test topshirgan abituriyentlarning to‘plagan ballari tahlil qilinganda, test topshirgan 600 mingdan ortiq abituriyentning 55 foizi asosiy mutaxassislik fani (fizika, kimyo, matematika, biologiya, geografiya) bo‘yicha 50 ball ham to‘play olmagan. Bu haqda Senatning 18-yalpi majlisida senator Zayniddin Nizomxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Kun.uz”.

Foto: “Kun.uz”

Foto: “Kun.uz”

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning aytishicha, o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillardan biri — darsliklarning talab darajasida yaratilmaganligidir. “Darsliklarni davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlari talablari asosida o‘quvchilarning yoshi, aqliy, fiziologik va psixologik rivojlanish davriga muvofiq tayyorlanishida qator muammolar bor”, — deydi u.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda darsliklarni yaratishga oid normativ-huquqiy asoslarni mustahkamlash talab etilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 22-noyabrdagi 548-sonli qarori bilan darsliklarni tanlov asosida tanlab olish tartibi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda tanlov komissiyasiga kelib tushgan darsliklarni ko‘rib chiqish va baholash to‘g‘risidagi axborotning sir saqlanishi belgilangan.

“Bu esa, yaratilayotgan darsliklar loyihalarini shaffof baholash, keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, o‘qituvchilarning, ota-onalarning, tegishli ekspert va boshqa mutaxassislarning haqqoniy, xolis munosabatini bilish imkonini bermaydi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomlarda mualliflar tarkibini tanlashning aniq reglamenti ishlab chiqilmagan, darsliklar loyihalari yuzasidan ekspert xulosasini berish muddati esa qisqa”, — deydi senator.

Darsliklarning tender savdolari orqali g‘olib bo‘lgan turli nashriyotlarda nashr etilishi, o‘quv materialining uzviyligi, uyg‘unligi va izchilligini, shuningdek fanlararo aloqaning bog‘liqligini ta’minlamayapti. Oqibatda, bu darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumliklar va nomuvofiqliklarning ko‘payishiga olib kelmoqda. Ushbu holatlar darsliklarning shoshma-shosharlik bilan tayyorlanishiga, oqibatda, ularning ko‘plab xatoliklar va nomutanosibliklar bilan nashr etilishiga olib kelmoqda.

Umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturlari tayanch o‘quv rejaga nomuvofiq ravishda, amaliyot bilan bog‘lanmagan holda ishlab chiqilganligi kuzatildi. O‘quv dasturlarini tayyorlash bo‘yicha aniq mezon va talablarning (dasturlarni yaratish davriyligi, mas’ullar, ularning huquq va majburiyatlari va hokazolar) ishlab chiqilmaganligi, amalda ularning tez-tez o‘zgartirilishiga, yangilarining yaratilishiga hamda o‘quv dasturlarini muallifning o‘zi tomonidan yaratilishiga sabab bo‘lmoqda.

“Aksariyat hollarda darsliklarning nazariyotchi olimlar tomonidan yaratilishi, ushbu jarayonga tajribali maktab o‘qituvchilarining jalb etilmasligi, ulardagi ayrim mavzular va topshiriqlarni o‘ta murakkablashib, og‘ir va ilmiy uslubda yozilishiga olib kelgan. Bu esa, nafaqat o‘quvchi, balki o‘qituvchi uchun ham qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda”, — deb fikr bildirgan qo‘mita raisi.

Umuman olganda, darsliklarni tayyorlash va nashr etish borasida mustahkam qonunchilik asoslarining yaratilmaganligi, amaldagilari ham to‘liq bajarilmayotganligi darsliklarda ko‘plab xatoliklar va nomutanosibliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum qilindi. Umumta’lim maktablari darsliklarining davlat ta’lim standarti talablari asosida tayyorlanishi holati to‘g‘risida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosariga parlament so‘rovini yuborish tashabbusi ilgari surildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha uch nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qamoqqa olindi 
Dunyo
G7 davlatlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda — Bloomberg
Mahalliy
Oʻzbekistonning yanvar oyidagi budjet daromadi ochiqlandi