26-fevral kuni Toshkent viloyati IIB YHXBning joylardagi bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan avtomobilga o‘rnatilgan gaz ballonlarining xavfsizlik masalasiga qaratilgan reydi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘tkazilgan reydlar davomida, gaz shoxobchasiga kirish yo‘lidagi nazorat punktida avtomobillar to‘xtatilib, gaz balloniga oid tegishli hujjatlar o‘rganilgan. O‘rganish jarayonida haydovchilar gaz quyish shoxobchalarida nazoratchi xodim yo‘qligini yoki xizmatchilar tomonidan hujjatlar ko‘rilmayotganini iddao qilishib, yumushlar bilan bo‘lib hujjatlarga o‘zlari ham e’tibor berishmaganini yoki umuman eslaridan chiqqanligini aytib o‘tishgan. Reydlar davomida shu kabi haydovchilardan 70 nafariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, transport vositalari vaqtinchalik ushlab turish jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Xabarda aytilishicha, 16 holatda noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan gaz ballonini o‘rnatib olish, 18 holatda gaz ballonining navbatdagi sinov muddati o‘tib ketgani, 34 holatda gaz balloniga oid tegishli hujjatlar haydovchilar yonida mavjud bo‘lmagan holda boshqarish va 2 holatda gaz balloni o‘rnatib, belgilangan muddatda YHX xizmatiga ro‘yxatga qo‘ymaslikni tashkil etgan.
Bu kabi o‘tkazilayotgan reydlar kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxushlikning barvaqt oldini olish, haydovchilarni ogohlikka chaqirish, gaz quyish shoxobchalari mas’ul xodimlarining ham hushyorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Izoh (0)