Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Xalq so‘zi” muxbiri Dilshod Ulug‘murodov yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda kuzatilayotgan muammolarni tilga oldi. Quyida jurnalistning maqolasi to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Foto: “Xalq so‘zi”

Yoshlar — kelajagimiz, yurt tayanchi hamda ishonchi, deymiz. Shu bois ayni paytda yurtimizda yosh avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilyapti.

O‘qish va ishlashlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar esa ularni yangi marralar sari ­undayotgani bor gap. Binobarin, hozirgi kunda o‘z bilim hamda mehnati bilan yurtimiz ­taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan yigit-qizlarimiz ham talaygina. Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-­quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar ­Mahkamasining 2017-yil 23-sentabrdagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori esa ularning ilm hamda mehnat yo‘lida, umuman, hayotda munosib o‘rin topishlari uchun g‘oyat muhim hujjat bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Tahririyatimizga bir guruh yoshlar nomidan kelgan arizada xuddi shu masala, aniqrog‘i, uy-joy ta’minoti masalasi ko‘tarilgan. Arizada 2018 — 2021-yillarda mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar uchun uy-joylar qurish parametrlari tasdiqlangan holda, o‘tgan yili Toshkent shahrida 420 xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi belgilangani, ammo ushbu uylar barpo etilmagani, bu paytga kelib, 2015 — 2017-yillardan buyon Toshkent shahrida Yoshlar uylari qurib, foydalanishga topshirilmaganligi sababli, yoshlar orasidan saralab olingan nomzodlar soni 630 nafarga yetganligi bayon qilinadi. Vaholonki, ushbu masala davlatimiz rahbarining 2018-yil 26-oktabr kuni Yunus­obod tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar yuzasidan majlis bayonida ham aks ettirilgani keltiriladi.

—Sergeli tumanidagi 21-bolalar musiqa maktabida bo‘lim ­boshlig‘i vazifasida ishlayman, — deydi ulardan biri ­San’atjon ­Sharipov. — O‘zim Xalq ta’limi a’lochisiman. 630 ta yosh oilaga berilgan sertifikatni olganlar qatorida men ham borman. Ijtimoiy hayotda yutuqqa erishgan yoshlardan biri sifatida Sergeli tumanining “Choshtepa” MFY hududidan uy ­olmoqchiman. Chunki sertifikatda aynan shu mahalla ko‘rsatilgan. ­Lekin shu kungacha uydan darak yo‘q. Shu bois bir necha bor mas’ul ­tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lyapmiz...

Qisqasi, mazkur yoshlarning qay biri bilan suhbatlashmang, shu savolni o‘rtaga tashlashmoqda: bizga qachon va qayerdan uy beriladi? Chunki ular bu masalada O‘zbekiston yoshlar ittifoqida bir necha bor bo‘lishganda, uyning qachon topshirilishi-yu, qayerdan berilishi ­xususida aniq javob olisholmaganini ta’kidlashmoqda. Shu bois mazkur tushunarsiz holatga javob olishni istashyapti.

Xo‘sh, bunga mutasaddilar nima deydi? Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga murojaat qilib, uning yuridik xizmat ­bo‘limi mudiri ­Bahrom Ilhomjonovning fikrlariga quloq tutdik.

— Ushbu masaladan xabarimiz bor, — deydi suhbatdoshimiz. — Bu bo‘yicha biz 2018-yil iyun oyi­da Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilganimizda, ular tomonidan Yoshlar uyi uchun ajratilgan kvota va limit 2017-yilda nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgani ma’lum qilindi. Bu ham maqsadsiz emas, albatta.

Shu bilan birga, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan 2018 yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinib, Sergeli tumanida 420 ta kvartirali ko‘p qavatli uy qurilishi belgilandi. Ayni payt­da ular barpo etilmoqda. Qolaversa, bu uylar qurilishi sentyabr va oktyabr oylarida boshlanganligi bois tugallanishi may-iyun oylariga belgilangan. Bu 2018-yil hisobidan. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2018-yil 24-noyabrdagi ­qarori asosida joriy yil uchun yana 420 ta uy qurilishi belgilangandi. Hozir mazkur uylar qurilishi ham boshlangan. Bu joriy yilda 2018-2019-yillar hisobidan mamlakat ijtimoiy hayotida alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalarga 840 ta uy qurilishi rejalashtirilyapti, deganidir. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, Toshkent shahar hokimligining 2018-yil 3-dekabrdagi “Toshkent shahrida qurib bitkaziladigan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar taqsimotini samarali tashkil etishga qaratilgan qo‘shimcha choralar haqida”gi farmoyishining birinchi ilovasiga muvofiq, Sergeli tumani 8-qurilish maydonidan 2 ta (84 ta kvartira, 29-30 raqamli) va 9-qurilish maydonidan 8 ta (336 ta kvartira, 9, 10, 18, 19, 34, 55, 72, 73-raqamli) uylar, ikkinchi ilovasi bilan esa 8-qurilish maydonidan 10 ta (72 — 81 raqamli) yana 420 ta kvartira ajratilishi belgilangan. Demak, bu yil Toshkent shahrining Sergeli tumanida jami ko‘p qavatli uylar kvartiralarining 840 tasi Yoshlar uyi sifatida ­mamlakat ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarga ­topshiriladi.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, uylarni qurib bitirish muddati, ularning sifati qanday, degan savollarga javob berish bizning vakolatimizga kirmaydi. Bu holat inobatga olinishi kerak. Navbatda turgan yosh oilalarning ham bu uydan olaman, bunisidan olmayman, deyishga haqqi yo‘q. Sababi Yoshlar uylari Prezidentimiz tomonidan qabul qilinadigan qarorlar asosida barpo etiladi. Ayni paytda qurilayotgan uylar yuqorida aytib o‘tganimizdek, sakkizinchi va to‘qqizinchi qurilish maydonida. Yoshlar aytyaptiki, ­uyimiz “Choshtepa” MFY hududida bo‘lishi kerak.

— Chindan ham, ularning qo‘lidagi sertifikatlarda aynan “Choshtepa” MFY hududi ko‘rsatilgan-ku, bunga nima deysiz?

— Yosh oilalarga Yoshlar uyi sifatida rejalashtirilgan uy-joylar mazkur qurilish maydoni hududida qurilishi ko‘zda tutilgan edi.

Biroq “Choshtepa” MFY hududida bugungi kunda qurib bitkazilgan uylar xususiy tadbirkorlar tomonidan bunyod etilgan. Shunga qaramasdan yuqorida qayd etganimizdek, ­dastlabki 150 yosh oila aynan “Choshtepa” MFY hududida qurib bitkazilgan uy-joylarga ko‘chib o‘tadi.

Bu masalada biz, albatta, vaziyatni tushunib, uzoq muddat uy-joylar topshirilishini kutayotgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlagani uchun Toshkent shahar hokimligi va Moliya vazirligiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.

Vaholonki, bu Yoshlar uylari emas. O‘z navbatida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Davlat dasturi asosida belgilab berilgan uylarga tavsiyanoma beradi. Shartnoma tuzilgach, biz oldindan uylarning boshlang‘ich to‘lovi, ya’ni 25 foizini to‘lab beramiz. Bu — bizning majburiyatimiz. Davlat dasturidan tashqariga chiqishga bizning ham huquqimiz yo‘q.

Lekin shu o‘rinda qayd etish ­kerakki, yaqinda O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakat ijtimoiy hayotida faollik ko‘rsatgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Choshtepa” MFY hududidan ularga uy ajratish uchun ro‘yxatni shakllantirish va o‘rnatilgan ­tartibda Toshkent shahar hokimligiga taqdim etish bo‘yicha topshiriq xati kelib tushdi. Shunga muvofiq, 2019-yil 31-yanvar kuni Toshkent shahar hududiy komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda o‘sha 630 nafar nomzod orasidan ro‘yxatda turgan ­dastlabki 150 yosh oilaning ro‘y­xati tasdiqlanib, hokimlikka ­yuborildi. Bugungi kunda buning uchun ­kredit resursi ajratilgan.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi 150 yosh oilaning Yoshlar uyini sotib olish uchun dastlabki badal to‘lovlarini, ya’ni 9 779 828 850 (to‘qqiz milliard yetti yuz yetmish to‘qqiz million sakkiz yuz yigirma sakkiz ming sakkiz yuz ellik) so‘m pul mablag‘ini joriy yilning 5-fevral sanasida o‘rnatilgan tartibda tegishli hisob raqamga o‘tkazib berdi. Hozirgi kunda yosh oilalar bilan dastlabki uch tomonlama oldi-sotdi shartnomalari tuzilishi boshlandi.

Bugungi vaziyat shu.

— Dastlabki, ya’ni 150 yosh oilaning ro‘yxati ­nimaga asoslanib shakllantirilgan?

— Bunda yosh oilalarning O‘zbe­kiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi huzuridagi Respublika ­komissiyasi tomonidan hisobga qo‘yilganlik ketma-ketligiga alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni kim oldinroq hujjat topshirgan va hisobga (navbatga) qo‘yilgan bo‘lsa, ular mazkur ro‘yxatga kiritilgan. Bu ro‘yxatga 2014 — 2016-yillarda hujjat topshirib, hisobda turgan yosh oilalar kiritilgan. Jarayonda ularning orasidan vakillar ham sayladik. Ular jamoatchilik nazoratchisi sifatida ishtirok etishdi.

Shu o‘rinda qolgan 480 ta oilachi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Mutaxassisning ta’kidlashicha, joriy yilda yoshlar uchun 840 ta ­xonadon qurilmoqda. Bu 2018—2019-yil dasturi bo‘yicha may-iyun-iyul oylariga belgilangan ishlar. Yoshlar ittifoqi 480 nafar yosh oilaga ham xuddi shu “Choshtepa” MFY hududidan uy berilishini istisno qilmayapti. Demak, ularni shu yilning o‘zida joylashtirish imkoniyati mavjud. Moliya vazirligi tomonidan 75 foiz ­kredit resursi topib berilsa, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirishga tayyor.

Vaziyatni hokimlik qanday izohlaydi?

— “Choshtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 3 996 xonadonli 66 ta uy qurilishi kerak, — deydi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Elbek Shukurov. — Uylarni barpo etish ketma-ketligi bo‘yicha oladigan bo‘lsak, bugungi kunga kelib, bu yerda 21 uy bitgan. Bu — birinchi bos­qich uylari. Mart oyi oxiri va aprel oyi boshlarida ikkinchi bosqich uylari qurilishi yakunlansa, uchinchi bosqich uylari bunyodkorlik ishlari yakunlanishi iyun ­oyiga to‘g‘ri ­keladi.

Ayni paytda chiqarilgan taqsimotda ­dastlabki bosqichda 150 ta yosh oilaning 80 tasi uy bilan ta’minlanishi nazarda tutilmoqda. Chunki ushbu uylar 6 ta kontingent, ya’ni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, ­Prezident Adminis­tratsiyasi, ­Vazirlar Mahkamasi xodimlari, yosh oilalar hamda og‘ir sharoitda yashayotgan, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor insonlarga taqdim etilyapti. Xullas, uylar shu toifalarga teng taqsimlanganda, bir va ikki xonali xonadonlarda muammo yo‘q. Ular yetarli. Lekin birinchi bos­qichda oladiganlar uchun uch xonali xonadonlar yetishmovchiligi vujudga kelmoqda. Sababi deputatlar, ­Senat a’zolarining yoshi katta. Farzandlari soni, jinsidan kelib chiqqanda, uch xonaliga talab yuqori bo‘ldi. Aslida, yosh oilalarda ikki xonaliga ehtiyoj ko‘p bo‘ladi, deb o‘ylagandik. Biroq yosh oilalar ichida ham ikki, uch, hattoki, to‘rt nafar farzandlilar ham bo‘lganligi uchun 150 taning ichida bor-yo‘g‘i 30 tasida ikki xonaliga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi. Uch xonali uy topib berolmaganimiz nuqtai nazaridan qayta taq­simot qilindi. Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan yoshlarni hududga olib borib uylar ko‘rsatilganda, hali taqsimot qilinmagan edi.

Aslida, muammo qayerdan kelib chiqqan edi? Gap shundaki, shahar hokimligi sobiq rahbariyati tomonidan qilingan taqsimot tufayli yosh oilalarga mo‘ljallangan 420 ta xonadon boshqa kontingentga berilgan. Ya’ni poytaxtimizning boshqa tumanlaridagi imkoniyati cheklangan aholi vakillariga. ­Natijada yosh oilalar uylarini kutib qoldi. Shu bois hokimligimiz tomonidan mazkur mahallada qurilayotgan uylarni yosh oilaga berish to‘g‘risida rahbariyatga taklif bilan chiqilgandi. Va taklif ma’qullangandi. Lekin o‘sha paytda Moliya vazirligi tomonidan bunga mablag‘ topib berish masalasi paydo ­bo‘ladi, deb o‘ylamagandik. Lekin shu muammo paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, yosh oilalar uchun mo‘ljallangan 420 ta xonadonning berib yuborilganligi xususida Hukumatga xat bilan murojaat ­qilganimizda, Choshtepa hududiga yaqin joyda bu yilga mo‘ljallangan 420 tadan tashqari, yana 420 ta xonadon qo‘shib berildi. Hozir mazkur yoshlarga mo‘ljallangan 840 ta xonadonli uylar qurilishi davom etmoqda. Ya’ni Hukumat tomonidan ham vaziyat to‘g‘rilab qo‘yildi. Biz ham hokimlik tomonidan qo‘shimcha 630 ta xonadon ajratdik. Ya’ni yoshlarning ko‘ngli o‘ksimasin, kutganligi o‘rnini kompensatsiya qilish nuqtai nazaridan.

Yoshlarimizni eshitadigan bo‘lsak, to‘g‘ri, ularga yana bir marta ko‘chishing sal kechikadi, deyish og‘ir botishi, tabiiy holat. Bu bilan o‘zimizni oqlash niyatimiz yo‘q. Lekin vaziyat shunaqaki, hozir mo‘ljallangan kontingentga teng taqsimlashga hokimlik ham majbur. Ko‘pchilik o‘ylayaptiki, uy berilmas ekan, olib qo‘yilar ekan, deb. Bu haqda hech qanaqa gap bo‘lishi mumkin emas. Hammasi beriladi. Faqat ma’lum bir muddat farqi bilan.

Aytib o‘tganimizdek, dastlabki bosqichda 80 ta yosh oila, keyin, ya’ni aprel oyida 70 ta yosh oila uy ­bilan ta’minlanadi. Albatta, bunda avvalgi taqsimotdagi xonadon raqamlari o‘zgarishi mumkin.

Uchinchi bosqich bo‘yicha aynan “Choshtepa” MFY hududida 480 ta oilaga uy berilishi ­Moliya vazirligi tomonidan moliyaviy manba topilishiga bog‘liq. Shu bilan birga, mazkur yoshlar uchun yuqorida keltirilgan, qurilishi davom ­etayotgan 840 ta xonadonning moliyaviy manbasi aniq. Ushbu uylarni yosh oilalarga berish uchun hech ­qanday muammo mavjud emas. Qurilish yakunlanishi bilan O‘zbekiston yoshlar ­ittifoqi tavsiyasiga ko‘ra, mazkur uylar o‘z egalariga topshiriladi.

Suhbatdoshlarimizning fikrlaridan anglash mumkinki, bu ­boradagi ishlarga kirishilmoqda. Biz ham yoshlarimiz bot-bot ­ta’kidlayotganidek, o‘z uyiga, o‘z “Vatani”ga joriy yilda ega ­bo‘lishlariga umid qilib qolamiz.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiyada turar joy binosidagi portlash oqibatida 6 kishi jarohat oldi
Mahalliy
Toshkentda Lacetti Nexia-3 bilan to‘qnashib, olti nafar piyodani ham urib yubordi
Madaniyat
“Ummon” guruhining ikki oydan ko‘proq komada bo‘lgan xonandasi Zohid Risqiyev o‘ziga keldi (video)