59 yoshli daniyalik ikki yil tumovdan aziyat chekkan. Buning sababi esa burnidan o‘sib chiqqan tish ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Ikki yil davomida erkak tumovdan qiynalib, burni oqib, hid bilish sezgisi yomonlashgan. Davolanishning juda ko‘p usullarini sinab ko‘rgach, Orxus universiteti qoshidagi kasalxonaning otorinolaringit bo‘limiga murojaat qilgan. Kompyuter tomografiyasi uning sog‘lig‘iga virus yoki bakteriya emas, balki shilliq bilan o‘ralgan qandaydir massa muammo tug‘dirayotganini ko‘rsatgan.
Shifokorlar darhol buning dermoid kista yoki g‘ayritabiiy ravishda o‘sib chiqqan tish bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bemor operatsiya qilinib, burnidan tish olib tashlangan.
Tishning paydo bo‘lish sababi haligacha noma’lum. Bu juda kamdan kam uchraydigan hodisa bo‘lib, aholining 0,1-1% qismida, asosan erkaklarda uchraydi. Bunga turli jarohat va infeksiya, shuningdek, tug‘ma nuqsonlar ham sabab bo‘lishi mumkin. Bemor yoshligida burun va jag‘i singanidan aziyat chekkan. Xabarda aytilishicha, ehtimol shu narsa uning burnidagi tishga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shifokorlar yana bu tish uning bolaligida o‘sib chiqqan, ammo uning yonidagi to‘qimalar shamollab qolmagunicha o‘zini sezdirmagan, deya hisoblamoqda.
Izoh (0)