Quyosh batareyalarini tannarxning qimmatligining eng asosiy sababi shuki, bunda xomashyo sifatida nodir metallar qo‘llaniladi. Lekin shvetsiyalik olimlar Science jurnalida e’lon qilgan maqolalariga ko‘ra, endilikda Quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantiruvchi uskunalarning narxini bir necha marotaba pasaytirish imkonini beruvchi arzon xomashyoni sanoat usulida olish mumkin bo‘ladi. Buning uchun Shvetsiyaning Lund universiteti professori Kennet Vermark boshchiligidagi ilmiy guruh o‘zlari sintez qilgan muayyan turdagi temir molekulasiga tayanish kerakligini ta’kidlamoqda.
Hozirda fotokatalizatorlar va Quyosh elementlarini ishlab chiqarishda odatda metallar kompleksidan tashkil topgan molekulalarga tayaniladi. Xususan, ushbu kompleks tarkibida anchayin qimmatbaho ruteniy, osmiy va iridiy albatta mavjud bo‘lishi kerak bo‘ladi. Bunday qimmatbaho metallar kompleksidan iborat molekulalarning vazifasi Quyosh nurlarini yutish va uni qayta energiyaga aylantirishdan iborat.
Vermarkning ilmiy guruhi esa ushbu nodir metallar o‘rniga Yerda nisbatan kengroq tarqalgan va narxi ham anchayin arzon bo‘lgan boshqa metallarni, xususan, temirni qo‘llash masalasini o‘rganib chiqqan va qator tajribalar natijasida katta muvaffaqiyat bilan ushbu ishni uddalay bilgan. Bu esa endilikda Quyosh elementlarini ishlab chiqarishda tub burilish yasashi kutilmoqda. Chunki temir Yer qobig‘ida tarqalganligi bo‘yicha noyob metall sanalmaydi va Yer sirtining taxminan 6 foiz miqdori aynan temir elementidan iborat. Qolaversa, temirni qazib olish borasida ham odamzot oldida katta muammo yo‘q. Chunki insoniyat ming yillardan buyon bu metallni allaqachon o‘zlashtirib kelmoqda.
Bu maqsad yo‘lida shvetsiyalik olimlar Quyosh energiyasini tutuvchi molekulalarning temir asosida ishlovchi yangi turini sintez qilgan. Ushbu molekula Quyosh nuri energiyasini tutib olish va uni uzoq muddat saqlash xususiyatiga ega bo‘lib, bu muddat ichida mazkur nur yana boshqa molekulalar bilan reaksiyaga kirishini ham ta’minlay oladi. Boz ustiga, ushbu molekula o‘zi ham uzoq vatq mobaynida nur chiqarib turar ekan va bu orqali olimlar temir asosidagi yorug‘likni xona haroratida ham ko‘rishga muvaffaq bo‘lgani tajribaning yana bir yutug‘i sifatida baholangan.
Olimlarning aytishicha, sintez qilingan ushbu temir molekulasi Quyosh yoqilg‘isini ishlab chiqarish ishlarida yangi turdagi fotokatalizatorlarni yaratish imkonini berar ekan. Masalan, suvni parchalash uchun vodorod ko‘rinishida va uglerod ikki oksidi uchun metanol ko‘rinishida fotokatalizator bo‘lib xizmat qilishi mumkin deyilmoqda. Bundan tashqari, ushbu temir molekulasi nur diodlari tayyorlash uchun ham xomashyo sifatida qo‘llash mumkin bo‘ladi. Olimlar temir asosidagi ushbu muhim fotokimyoviy molekulaga ega bo‘lish uchun 5 yil davomida izlanganini ta’kidlagan.
Izoh (0)