Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Mirzo Ulugbek Innovation Center innovatsiya markazi direksiyasi mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida “Kiberxavfsizlik” mavzusida davra suhbati tashkil etdi. Bu haqda markaz matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur tadbirning maqsadi raqamli iqtisodiyot elektron hukumat loyihalarini amalga oshirish jarayonlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun yondashuv va yechimlarni aniqlashdan iborat.
Davra suhbatida Price water house Coopers va Ernst & Young xalqaro kompaniyalari hamda tegishli mahalliy tashkilotlarning informatsion xavfsizlik sohasi yetakchi ekspertlari va amaliyotchilari spiker sifatida ishtirok etdi.
Xususan, Ernst & Young (YE) Britaniya auditor-konsalting kompaniyasi vakili Ruta Makarevichiute o‘z chiqishida GISS 2018—2019 informatsion xavfsizlik sohasidagi o‘z kompaniyasining tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Price water house Coopers xalqaro kompaniyasi vakili Otabek Siddiqovning “Kiberxavfsizlik — asosiy muammolar” mavzusidagi ma’ruzasi ham tadbir ishtirokchilari uchun qiziqarli bo‘ldi. U kiberhujumlar tashkilotlarning moliyaviy daromadlariga qanday ta’sir etishi va mamlakat bozori va iqtisodiyotiga qanday ziyon yetkazishi borasidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
“Texnik ko‘maklashish markazi” DUK mutaxassisi Oybek Boboqulov “Kibermaydon va kiberhujumlar. Qarama-qarshiliklar” mavzusidagi ma’ruzasida turli mamlakatlar misolida kiberhujumlar bilan bog‘liq muammolar yechimlari haqida so‘zlab berdi.
Bundan tashqari, davra suhbati davomida tranzaksiyalardagi shubhali operatsiyalarni aniqlash bilan shug‘ullanuvchi Madetec-Solution kompaniyasi innovatsion markazi rezidenti BRS (Bank Report System) startap loyihasiga RB ASIA investitsion kompaniyasi boshqaruvchi direktori Doniyor Islomov e’tibor qaratdi va o‘zaro hamkorlikni taklif qildi.
Tadbir yakunida Mirzo Ulugbek Innovation Center innovatsiya markazi va Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi DUK o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Shuningdek, investitsiya, mablag‘ jalb qilish va biznesni kengaytirishga qiziqish bildirgan rezidentlarga xizmat ko‘rsatuvchi RB Asia investitsion-konsalting kompaniyasi va Innovatsiya markazi o‘rtasida memorandum imzolanishi ham muhim voqea bo‘ldi.
Izoh (0)