Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi va Toshkent shahar IIBB YHXB hamkorlikda MIB ish yurituvidagi ijro hujjatlarining qarzdorliklari undiruvi bo‘yicha qo‘shma reyd-tadbir o‘tkazmoqda. Bu haqda “Daryo”ga boshqarma axborot xizmati xabar berdi.
30-yanvar 2019-yildan boshlangan tadbirning 7 kunida jami bo‘lib undirilgan jarimalar miqdori 3 713 370 355 so‘mni tashkil etmoqda. Jami 12 401 nafar qoidabuzarlar aniqlangan.
Shundan tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahar haydovchilarining boshqa viloyatlarda sodir etgan huquqbuzarliklari bo‘yicha 6 967 nafar yoki 2 116 697 716 so‘m jarimalar undirildi.
Byuroning Toshkent shahar ish yurituvidagi ijro hujjatlari bo‘yicha poytaxtning 20 ta markaziy ko‘chalarida YHXBning patrul xizmat avtomobillarida o‘rnatilgan avtomatik moslama yordamida 7 kunda 5 345 ta qoidabuzarlardan 1 797 744 176 so‘m jarimalar undirilgan.
Shuningdek, 60 ta avtotransport vositalari esa jarima maydonchalariga joylashtirildi. Shundan Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan qidiruvda bo‘lgan 15 ta avtotransport vositasi ham aniqlandi.