TIV qoshidagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi tomonidan “O‘zbekiston” va “Oilaviy” telekanallari bilan hamkorlikda Ambassador teledasturining qator ko‘rsatuvlari tayyorlandi va efirga uzatildi.
Loyiha 2018-yil 18-noyabrda Hindiston elchisi Vinod Kumar ishtirokida boshlandi. Ikki yarim oy davomida tomoshabinlar Rossiya elchisi Vladimir Tyurdenev, Fransiya elchisi Violen de Vilmor, Tojikiston elchisi Sodiq Imomiy, Ozarbayjon elchisi Guseyn Guliyev bilan tanishishga muyassar bo‘ldi.
Ambassador teledasturining har bir yangi ko‘rsatuvi mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchilari bilan erkin, norasmiy tarzda olib borilgan suhbatlarni kuzatish, ularning O‘zbekiston tarixi, madaniyati, arxitekturasi haqidagi taassurotlari bilan tanishish va elchilar vakillik qilayotgan davlatlar to‘g‘risida ma’lumot olish imkonini beradi.
Keyingi ko‘rsatuvda shu kunlarda Xitoy taqvimi bo‘yicha o‘tadigan yangi yilni nishonlayotgan Xitoy diplomatik missiyasi rahbari Jiang Yan ishtirok etishi kutilmoqda.
Izoh (0)