Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Telegram’dagi sahifasida saylovchilar bilan yuzlashish va ularning muammoli masalalarini hal etish bo‘yicha Yangiyo‘l shahrida amalga oshirilgan ishlar bilan bo‘lishdi.
Haftaning shanba kunlari saylovchilar bilan yuzlashish va baholi qudrat ularning muammoli masalalarini hal etishga yordam ko‘rsatish maqsadida saylov okrugining Yangiyo‘l shahrida tashkil etilgan deputat qabulxonasida bu safar bir qator vazirlik va idoralardan vakillar taklif etgan edim.
Adliya vazirligining Inson huquqlari boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Madaminov boshchiligidagi vazirlik jamoasi, Qurilish vazirligi, “O‘zshaharqurilishinvest” IK, Toshvilbozor uyushmasi mas’ullaridan iborat mehmonlar ishtirokidagi qabulimiz ancha samarali bo‘ldi.
Yuzga yaqin saylovchilar asosan ko‘chmas mulkning davlat va jamiyat ehtiyoji uchun buzilishdagi qonunbuzarlik, qurilishga ruxsat olishdagi qiyinchiliklar, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yer olish, meros ishi, ishga joylashish, nogironlik guruhini olish, noqonuniy ishdan bo‘shatish, pensiya tayinlash, aliment undirish, qonuniy uyiga kiritib qo‘yish, uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatini yaxshilash masalalari bo‘yicha murojaatlar qildi.
Qurilishga ruxsat olish bilan bog‘liq masala shu joyning o‘zida Qurilish vazirligi tomonidan nazoratga olinib, qisqa muddatlarda ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. 2 nafar fuqaroning ishga joylashishi, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan bir nafar fuqaroning masalasi ham 2 kun ichida hal etildi.
Ko‘chmas mulkning davlat va jamiyat ehtiyoji uchun buzilishdagi qonunbuzarlik, meros ishi, aliment undirish, qonuniy uyiga kiritib qo‘yish masalalari Adliya vazirligining alohida nazoratiga olindi. Nogironlik guruhini olish va pensiya tayinlash masalalari o‘zimda o‘rganishda turibdi.
Eng muhimi vazirlikning Inson huquqlari boshqarmasi fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda qiynalayotganlar ayniqsa ayollarga sud protsesslari va davlat organlari bilan bog‘liq jarayonlar uchun vazirlik mutaxassislari hamda malakali advokatlarni jalb etib, huquqiy yordam ko‘rsatishni o‘z bo‘yniga oldi.
Qabuldan so‘ng kelishilganidek, Yangiyo‘l shahrida bunyod etilayotgan arzon uy-joylarning sifati, ish jarayoni, uy egalariga yaratilayotgan qulayliklar va quruvchilarning sharoiti bilan yaqindan tanishish maqsadida qurilish obyektida bo‘ldik.
Obyektda uylarning asosiy qurilish ishlari yakunlanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda, tashqi kommunikatsiya tarmog‘ida ham ishlar jadal ketmoqda. Ishchilarning sharoiti zarur darajada, uch mahal issiq ovqat va qurilish uchun maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlangan, oylik ish haqini olishda muammolar yo‘q ekan.
Uylarning sifati haqida gap ketganda kichik kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Masalan, yuvinish xonasidagi vanna atrofini g‘isht bilan qoplash yoki panjaralar oralig‘idagi to‘siqlar radiusini yaqinlashtirish kabi. Lekin umumiy qilingan ishlar orasida bu unchalik ko‘zga tashlanmaydi, hozircha. Men bilan hamrohlik qilgan “O‘zshahar qurilish invest” mas’ullari bu kamchiliklarni bartaraf etishga va’da berdi. Ishondim.
Uylarning sifati ham ancha yaxshi. Qishloq tumanlarida qurilayotgan uylar kabi emas, har qalay. Lekin bu bilan hammasi ideal darajada demoqchi emasman, nisbatan olganda ish yaxshi tashkil etilgan. Quruvchilar shu yilning 21-mart sanasi “Navro‘z” bayramiga qadar 7 qavatli uylarni egalariga topshirish harakatida.
“Qishloq qurilish invest” IKdan farqli ravishda “O‘zshahar qurilish invest” IK xonadon egalari bilan uy-joy uchun shartnoma tuzmas ekan. Ya’ni qurilayotgan uyni kim olishiga aralashmaydi: fuqarolar hokimlikdagi komissiyadan tavsiyani olib to‘g‘ri bank bilan shartnoma tuzaveradi. Demak, bu jarayonda ular korrupsiyadan xoli.
Bu shaxsiy kuzatuvlarim asosidagi fikrlar xolos: bilmadim balki “Qishloq qurilish invest” ham “O‘zshahar qurilish invest”dan ozgina o‘rnak olib, halol va vijdonan ishlashga harakat qilsa, odamlarning bunchalik noroziligiga, qariyalarimizning ularga “insof” tilashlari ozayishiga sabab bo‘larmidi.
Izoh (0)