Farg‘onaning muhtasham saroylaridan birida shaharning 2-sektorida yashovchi kam ta’minlangan oilalarning o‘ttiz nafardan ziyod farzandiga sunnat to‘yi qilib berildi. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Muhammadjon Obidov ma’lum qildi.
Zal to‘ybolalarning oila a’zolari, yaqinlari bilan to‘ldi. To‘kin dasturxon yozildi.
—Biz hamisha yoningizdamiz. Bolajonlarning maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq jalb etilishi, uyda o‘tirgan opa-singillarimizni ish bilan ta’minlash ham zimmamizda. Maqsadimiz hayotdan rozi bo‘lib yashashingiz uchun xizmat qilishdan iborat, — dedi viloyat prokurori Sadriddin Turdiyev.
Shundan so‘ng to‘ybolalar va ularning ota-onalariga sovg‘alar berildi. Taniqli san’atkorlar davraga fayz kiritdi.
—O‘g‘limning sunnat to‘yini ko‘rarmikanman, deb o‘ksinardim. Shahar prokurori Muzaffar Raxmonov shaxsan uyimizga kelib, men bilan suhbatlashdi. O‘g‘lim Otabekka ikkimizga yangi ust-bosh qilib berildi, uyimiz ta’mirlandi. Keyin yaqinlarimni bu yerga, to‘yga taklif qildim, — deydi to‘ybolalardan birining onasi Umida Ahmadaliyeva.
Izoh (0)