Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berish to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilingan. Qaror va unga ilova qilingan nizomda uy-joyni olishga kim talabgorligidan tortib qanday hujjatlar kerakligiyu, jarayon qay tartibda kechishigacha batafsil yozilgan. Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali hujjatning asosiy o‘rinlariga oydinlik kiritib o‘tadi.
Kimlar uy-joyga da’vo qilishi mumkin?
Nogiron, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uy-joyga muhtoj xotin-qizlar deb belgilangan. Xususan, quyidagi toifadagi ayollar ushbu imtiyozga da’vo qilishi mumkin:
- mulk huquqi asosida (ya’ni nomida) turar joyi yo‘q, ijarada yoki yashash uchun yaroqsiz uyda yashaydi;
- boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashaydi;
- ko‘p bolali (uch va undan ortiq);
- oilasining daromadi kam;
- kasalligi tufayli alohida xonada yashashi kerak (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi (mahalla) ma’lumotnomasi asosida);
- oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud;
- uy-joy maydoni ijtimoiy normaga muvofiq emas (bir shaxs uchun 16 kvadrat metrdan kam, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kvadrat metrdan kam);
- birinchi guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayollar;
- og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolasini parvarishlayotgan ayollar (tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotnomasi va tibbiyot birlashmasi xulosasi asosida);
- kam ta’minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarini tarbiyalayotgan ayollar (mahalla fuqarolar yig‘ini ma’lumotnomasi asosida).
Qancha va qanday uylar beriladi?
Har yili har bir tuman va shaharga (toifasiga qarab) 6 tadan 10 tagacha 2—3 xonalik kvartiralar va 2 sotixlik (2—3 xonasi bor) hovlilar beriladi. Nogiron xotin-qizlarga ko‘p qavatli uylarning birinchi yo ikkinchi qavatidan kvartiralar beriladi.
Pulini kim to‘laydi?
Boshlang‘ich badal (25 foiz) Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot tomonidan hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar (homiylar, boshqa jamg‘armalar) hisobidan to‘lab beriladi. Qolgan 75 foizi esa tijorat banklaridan imtiyozli kredit olib qoplanadi (talabgor tomonidan). Bordiyu talabgorning bunga qurbi yetmasa (kam ta’minlangan bo‘lsa, doimiy daromadi bo‘lmasa), u ishlayotgan tashkilot, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining mablag‘lari hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga bu pullar to‘lab beriladi.
Qanday hujjatlar talab qilinadi?
Tuman hokimiyati qoshida tuzilgan maxsus hududiy Komissiyaga ariza topshiriladi va shu komissiyaning tavsiyasi bilan keyinchalik imtiyozli uy-joyga ega bo‘lish mumkin. Ariza topshirilishi uchun oxirgi muddat — har yilning 1-fevrali.
Talabgor Komissiyaga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
- Ariza;
- Pasport nusxasi;
- Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami nusxasi (STIR);
- Oila a’zolari pasportlari va nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (to‘liq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) va/yoki farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) nusxalari;
- Yashash joyidan oila tarkibi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Ariza beruvchi va u bilan birga yashayotgan oila a’zolarining doimiy ish joylaridan berilgan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to‘g‘risida ma’lumotnoma yoki ariza beruvchi va uning oila a’zolarining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalar nusxalari;
- Doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
- Doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa);
- Ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish to‘g‘risida shartnoma yoki tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi ma’lumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi bo‘lmagan holatda);
- Nogironlik guruhi ko‘rsatilgan holda pensiya guvohnomasi, ushbu hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasidagi tumanlararo (tuman) tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ma’lumotnoma nusxasi (oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjud bo‘lgan holatda);
- Turar joyi bo‘yicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi (VMK) ma’lumotnomasi yoki ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlariga chalingan va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxsning mavjudligi holatida — tumanlararo (tuman) TMEK ma’lumotnomasi.
Ariza va hujjatlar belgilangan qabul kunlarida Komissiyaga topshiriladi. Komissiya arizani ro‘yxatga oladi va arizaning bir nusxasiga qabul qilingan sana va qabul qilgan shaxsning imzosini qo‘yib talabgorga beradi (ariza qabul qilinib olinganligining isboti sifatida). Ta’kidlash joiz, ro‘yxat raqamlab boriladi, ro‘yxat daftari maxsus muhr bilan himoyalangan bo‘ladi.
Komissiya ariza beruvchining hujjatlarini, doimiy yashash joyini, turmush sharoitini o‘rganadi (15 ish kuni ichida).
O‘rganib bo‘lgach, xulosalar tayyorlaydi va yozma shaklda talabgorga beradi (3 ish kuni ichida). Xulosada imtiyozli uy joyga tavsiya etilgan yoki etilmagani sabablari batafsil ko‘rsatiladi.
Kimlar birinchi navbatda uy oladi?
Uyga muhtojlar ko‘p, uylar soni cheklangan. Bunday sharoitda kimlarga birinchi navbatda uy beriladi?
Ayrim ayollar men imtiyoz beriladigan toifaga kirsam ham, berishmayapti deb shikoyat qilishyapti. Shuning uchun ayni masalani hayotiy vaziyatlar orqali tushuntirishga urinib ko‘ramiz.
Bir ayol uy-joyga muhtoj va yolg‘iz ona, ikkinchisi uy-joyga muhtoj, yolg‘iz ona va ayni damda kam ta’minlangan, uchinchi bir ayol esa yolg‘iz ona, kam ta’minlangan va yana nogiron ham. Shunda albatta, uchinchi ayol birinchi ikki ayolga nisbatan tavsiya olishga haqliroq hisoblanadi.
Komissiya har bir holatni individual o‘rganib, muhtojlik darajasini ballar orqali ifodalab boradi. Ya’ni eng muhtojlar, o‘ta muhtojlar, juda muhtojlar, o‘rtacha muhtojlar kabi kamayib borish prinsipi amal qiladi. Ayol bu yil tavsiyanoma olmagan bo‘lsa, keyingi yoki undan keyingi yillarda olishi mumkin.
Izoh (0)