21-yanvar, dushanba kuni futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi—2019 musobaqasining 1/8 final uchrashuvlari doirasida kunning so‘nggi o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Unda musobaqa mezboni BAA terma jamoasi Qirg‘iziston termasiga qarshi maydonga tushdi.
Bellashuvning 14-daqiqasida Ismoil Hamis Zaid hisobni ochgan bo‘lsa, Qirg‘iziston terma jamoasi hujumchisi Mirlan Murzayev 26-daqiqada hisobni tenglashtirdi (1:1).
2-bo‘limning 64-daqiqasiga kelib Ali Mabhut arablarni hisobda oldinga olib chiqdi (2:1). Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida Tursunali Rustamov BAA darvozasiga gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi (2:2). G‘olib qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlandi.
Birinchi 15 daqiqalik bo‘limning 8-daqiqasida (103) Ahmad Halil penaltidan raqib darvozasini ishg‘ol qildi va o‘yinga yakun yasadi.
Shu tariqa BAA termasi Qirg‘izistonni mag‘lub etib (3:2), musobaqaning chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Keyingi bosqichda arablar nimchorak finalda O‘zbekiston terma jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etgan Avstraliya bilan jang qiladi.
Osiyo Kubogi—2019
1/8 final bahslari
21-yanvar, dushanba
BAA—Qirg‘iziston 3:2
Gollar: 1:0 — 14 Hamis Zaid, 1:1 — 26 Murzayev, 2:1 — 64 Ali Mabhut, 2:2 — 90 Rustamov, 3:2 — 103 Ahmad Halil.Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)