Navoiy viloyat Davlat soliq boshqarmasi katta inspektor Nurmahamatov Sobirjon va fuqaro Hilola Ostonova o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatga aniqlik kiritdi. Bu haqda boshqarma “Daryo”ga ma’lum qildi.
2018-yilning 18-dekabr kuni Karmana tumani davlat soliq inspeksiyasi Qo‘shimcha daromadlarni aniqlash va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bo‘limi Jismoniy shaxslar bilan ishlash sho‘basi davlat soliq katta inspektori Nurmahamatov Sobirjon Hayitmurodovich ish jarayonida Karmana tumani “Katta machit” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Hilola Ostonovani uchratib qoldi.
Shunda fuqaro H.Ostonova marhum bobosiga tegishli hovli kadastr hujjatlarini o‘z nomiga rasmiylashtirish kerakligini, 10 yil davomida mol-mulk solig‘i to‘lanmaganini aytib, shuni bilib berishini so‘ragan va inspektorning telefon raqamini olgan. O‘z navbatida, inspektor keyingi besh yil uchun tartib asosida hisoblansa, mol-mulk solig‘i taxminan bir milliondan ziyodroqqa to‘g‘ri kelishini, borib hisob-kitob qilib ko‘rish kerakligini bildirgan.
Fuqaro H.Ostonova ishi ko‘pligi vajidan vaqti yetishmasligi, shuning uchun mazkur summani uning plastik kartasiga Click orqali o‘tkazib berishi va uni to‘lab qo‘yishni qayta-qayta iltimos qilgan. Shundan so‘ng 18-dekabr kuni H.Ostonova tegishli pulni S.Nurmahamatovning plastik kartasiga telefoni yordamida o‘tkazib, unga qo‘ng‘iroq qilgan. Birinchi marta 450 ming so‘m, so‘ngra 200 ming so‘m tashlab bergan.
Shundan so‘ng S.Nurmahamatov 21-dekabrda ish joyiga kelgach, ma’lumotlar bazasiga kirib, xonadon uchun soliqlar 2016-yilgacha to‘langani, ayni paytdagi qarzdorlik 430 ming so‘mga tengligini aniqlagan. Mazkur summani to‘lig‘icha terminal orqali to‘lab, qolgan 220 ming so‘mni H.Ostonovaga shaxsan olib bormoqchi bo‘lgan va uni uyidan ikki kun davomida topa olmagan, hatto telefon raqami ham ishlamagan.
25-dekabr kuni “Katta machit” mahalla fuqarolar yig‘inida mas’ul kotib bo‘lib ishlovchi J.Turdiyevaga pulni berib, shaxsan yetkazib qo‘yishni iltimos qilgan.
2018-yil 29-dekabrda Karmana tumani Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentiga borib, ushbu holatlar bo‘yicha tushuntirish xati yozgan.
Shu kunning o‘zida o‘z xohishiga ko‘ra, ariza yozib soliq tizimidan ketgan. S.Nurmahamatov unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tadbir bo‘lmaganligini, hech kim uni qo‘lga olmagani, tashlab bergan puldan o‘z maqsadida foydalanmaganini, vazifasini xolis bajarganligini bildirdi. Bugungi kunda S.Nurmahamatov o‘z uyida kundalik yumushlari bilan band.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, S.Nurmahamatovga nisbatan JKning 168-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov jarayoni olib borilmoqda.
Izoh (0)